10:30 / 09.02.2021
36349

«Mablag‘siz biznes boshlab bo‘lmaydi, deganlar adashadi» - eksportchi qiz hikoyasi

Kun.uz'ning «Optimist» rukni navbatdagi qahramoni – Dildora Otajonova. U agrobiznes sohasida faoliyat yuritadi. 2018 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi Teodora Goods korxonasini ochgan.

Dildora 19 yoshida Malayziyaga o‘qishga ketgan. Lekin bir yildan so‘ng ota-onasi o‘qish to‘lovida moddiy qiyinchiliklarga duch kelgani uchun ta'limni davom ettira olmaydi. O‘zbekistonga qaytib kelishni rejalashtirmagan Dildora bir muddat Malayziyada ingliz tili o‘qituvchisi va tur-operator bo‘lib ishlaydi.

U o‘sha orada vizasini yangilash uchun 2 oyga O‘zbekistonga qaytib keladi. Dildoraning hikoyasi mana shu yerda boshlanadi.

«Mablag‘siz ham boshlash mumkin...»

Viza masalasi hal bo‘lguncha 2 oy bo‘sh yurishni xohlamagan Dildora agrofirmaga ishga kiradi va uning rejalari o‘zgaradi.

«Malayziyada bo‘lib turgan oxirgi yilim do‘stlarim agrofirma ochishgan va ular O‘zbekistondan mayiz import qilib sotishardi. Men ham o‘sha agrofirmada sotish ishlari bilan shug‘ullanib, tajriba to‘plagandim.

O‘zbekistondagi agrofirmaning menejmentida ba'zi narsalar menga yoqmagan bo‘lsa-da, lekin bu yerda shu sohada salohiyat katta ekaniga amin bo‘ldim. Shundan so‘ng Malayziyaga qaytib ketmay, O‘zbekistonda ishimni davom ettirdim», – deydi Dildora.

U agrofirmada 1 yil ishlaydi, lekin ishni butunlay boshqacha yuritish niyatidaligi sabab ishdan ketadi va 2 oydan so‘ng o‘z korxonasini ochadi.

«Birinchi 4 oy o‘z korxonamda faqat o‘zim birgina ishchi edim. Chunki u payti mablag‘im bo‘lmasa-da, tajribam ishlarim yaxshi bo‘lishiga yordam beradi, deb ishonardim.

Ba'zilar eksport sohasida mablag‘ bo‘lmasdan turib qanday biznes boshlash mumkin deb hayron bo‘lishadi. Lekin bu mumkin, sababi sizga buyurtma berilganda ba'zida 100 foiz oldindan to‘lov qilishadi. Agar siz butun zanjirni bilsangiz, shuning bilan ish bitira olasiz.

Sekin-sekin buyurtmalar ko‘paydi. Men ham boshida hamma singari ishlab ko‘rdim. Lekin bizda tez-tez sifat bilan bog‘liq muammolar kuzatila boshladi. Shuning uchun o‘zimga nima xato ekani haqida juda ko‘p savol berardim», – deydi Dildora dastlabki faoliyati haqida.

Brokerlar – meva-sabzavot eksportidagi muammoli nuqta

Dildora Otajonova qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda eng asosiy muammo o‘rtadagi odamlar – brokerlar bilan ishlashda deb biladi. Eksportchilarning ko‘pchiligining ofisi Toshkentda joylashgan. Ularning asosiy ishi brokerlar bilan bitadi. Brokerlar mahsulotni tayyorlab qo‘yishadi, eksportchi esa yukni ulardan olib ketadi.

Lekin brokerlar 20–30 yildan beri bir xil tizimda ishlab o‘rganib qolishgan, faoliyatiga yangilik kiritishmagani sabab ko‘plab muammolar paydo bo‘ladi. Ular aksar hollarda 1 kun dalada qolgan mahsulotni eksportga yo‘naltirishadi, meva solinadigan qutilarning tagiga sifatsizroq, ustiga esa sifatlisini joylashtirishadi. Oqibatda esa eksportchi mevani mijozga topshirganda sifat bilan bog‘liq muammoga duchor bo‘ladi.

Dildora bu muammolar bilan ishlashga, turli yo‘qotishlarga doimiy ko‘nikishga rozi bo‘lmaydi. Shuning uchun u USAID tomonidan moliyalashtiriladigan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi dasturlarda, seminarlarda qatnashadi, bilimini oshiradi. Shu tashkilot yordami bilan Hindistonda uzumni sovuqxonada saqlash sirlarini o‘rganib qaytadi. Keyinroq Savdo-sanoat palatasi dasturi doirasida Italiyaga eksport zanjirini o‘rganish uchun boradi.

«Tajribam yo‘qligi uchun boshida 800 tonna mevaning sifatini buzib qo‘yganmiz...»

Qaytib kelgach eksport zanjiridagi har bir muammo aniqroq ko‘rina boshladi, deydi yosh tadbirkor.

«Biz mevalarimiz juda tabiiy deb maqtanamiz. Lekin afsuski, aslida, unday emas. Meva yetishtirishda kimyoviy moddalarni juda ko‘p ishlatamiz. Daraxtlarimiz esa antibiotiklarga xuddi odam organizmidek o‘rganib qoladi va undan ham kuchlirog‘ini talab qila boshlaydi.

Bundan tashqari, mevani qaysi paytda sovuqxonaga joylashtirish, ularni qanday qilib qadoqlash haqida yetarli ma'lumot yo‘q. Ko‘pchilik sovuqxonalarda hatto harorat ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Meva uchun har bir gradus ahamiyatli. O‘z tajribamda shu narsalarni bilmaganim uchun 450 tonna xurmo va 250 tonna uzumning sifatini buzib qo‘yganmiz. Bu soha – juda nozik biznes», – deydi Dildora Otajonova.

«Ortiq bunday ishlab bo‘lmasdi...»

Muammolarni aniq tushuna boshlagan eksportchi qiz o‘z faoliyatini takomillashtirish va sohadagi muammolarni hal qiladigan tizim yaratishga harakat qila boshlaydi. Bu loyiha Dalatech deb nomlanib, u bir necha bosqichlarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

«Birinchi bosqichda respublikadagi barcha fermerlarning ma'lumotlari raqamli formatga tushiriladi. Biror eksportchi o‘ziga qaysidir mahsulot kerak bo‘lib qolsa, ma'lumotlar bazasiga kiradi va u orqali topishi mumkin bo‘ladi. Masalan, «pomidor» deb yozsa, bizning ma'lumotlar bazasi unga pomidor yetishtirilayotgan hududlarni, fermerlarning telefon raqamlarini, manzillarini va boshqa kerakli ma'lumotlarni chiqarib beradi.

Buning bilan eksportchi va fermer bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanadi.

Ikkinchi bosqichda esa biz respublikada yetishtiriladigan har bir mahsulotning algoritmini ishlab chiqamiz va uni platformamizdan foydalanayotgan har bir fermerga o‘rgatamiz. Buning bilan fermerlar sovuqxonadan qanday foydalanishni va boshqa kerakli ishlarni qanday tashkil qilishni o‘rganadi.

Uchinchi bosqichda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida qatnashadigan hammani qamrab olish rejalashtirilgan. Sababi eksportda faqat fermer va eksportchi emas, balki bank, logistika xodimlari, bojxona ham qatnashadi», – deya tushuntiradi u.

«Hamma ham loyihani to‘g‘ri qabul qilmasligi mumkin...»

Dildoraning aytishicha, yangi tizimni ko‘pchilik ham birdaniga qabul qilmasligi mumkin. U buni to‘g‘ri tushunadi. Dildora yangi tartibni o‘rganishni xohlaganlarga yordam berishni, chetga sifatli mahsulotlarni muammosiz eksport qilishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Platformaning birinchi bosqichi tugallanib, fevral oyidan sinov tarzida, apreldan esa butunlay ishga tushishi rejalashtirilgan.

«Loyihadan respublikaning 10 foiz fermerlari foydalanib, ularning daromadi oshadigan bo‘lsa ham, ularning yonidagi fermerlar ham platformadan foydalanishga xohish bildirishi mumkin. Platformaning o‘zi 10 foiz samara ko‘rsatsa ham, bu qishloq xo‘jaligida katta o‘zgarish bo‘lishiga yordam beradi. Buni kichik inqilob deb atashimiz mumkin», – deydi Dildora.

«Biznes ochmoqchi bo‘lgan odam cho‘zib o‘tirmay firmani ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak»

Yosh tadbirkor to‘plagan tajribasidan kelib chiqqan tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Eksport sohasida yoki boshqa yo‘nalishda ham biznes ochmoqchi bo‘lgan odam avvalo o‘zi tanlagan yo‘nalishda biror korxonada ishlab ko‘rishi va tizimni boshdan oxirigacha o‘rganishi zarur. Shunda u nimani qanday qilish kerakligini bilib oladi.

Ba'zilar: «Biznes ochsam, o‘xsharmikin, agar o‘xshamasa, nima bo‘ladi», deb ikkilanadi. Demak, o‘sha odamning o‘zi tanlagan sohasi bo‘yicha bilimi yetarli emas. Agar bilimi yetarli bo‘lganda unda ikkilanish bo‘lmasdi. Shuning uchun ham boshida ishlab ko‘rib tajriba orttirish muhim.

Keyingi tavsiyam esa ko‘p ikkilanmasdan tezroq tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish zarur. Mening ham ba'zi o‘rtoqlarim «yaqin orada biznesimni boshlayman», deb doim rejalashtirishadi, lekin ular kutgan muddat hali kelgani yo‘q.

Odam komfort zonasidan chiqib real vaziyatda muammolarni ko‘rmaguncha, o‘qiganlari, YouTube'da ko‘rganlari hayotdagidan butunlay farq qilishini tushunmaydi.

Yana bir narsa: o‘z ishini boshlagan odam keyin boshqa birov uchun ishlashni xohlamay qoladi. Yo‘qotishlar va sinovlar hisobiga bo‘lsa ham, o‘z biznesini rivojlantirishni, o‘z ishi uchun ishlashni xohlaydi», – deydi Dildora.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Asad Allanazarov.

Mavzu
“Optimist” rukni
Kun.uz tengdoshlaridan g‘ayrat-shijoati va kreativligi bilan ajralib turadigan yoshlar haqida turkum ko‘rsatuvlar berib bormoqda.
Barchasi
Top