16:40 / 08.11.2019
3
21281

«Bizda uy ham, pul ham yo‘q» - hazoraspliklar quruvchi tashkilotga aldanib qolishdi

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchilarning bir guruhi uy-joy sotib olish uchun pudratchi tashkilot bilan shartnoma imzolab, unga ko‘p miqdorda pul o‘tkazib berib, yakunda aldanib, uysiz va pulsiz qolishganidan shikoyat qilishdi.

Foto: KUN.UZ

Hazoraspliklar uy bilan ta'minlanishini yoki pullarini qaytarib berilishini istab, yordam so‘rashmoqda.

Toshkent shahrida tashkil qilingan «Asia Great Building» MChJ Hazorasp tumani hokimining 2015 yil 19 sentyabrdagi 1449k-sonli qaroriga asosan, Pitnak shahrining «Navbahor» mahallasida 72ta xonadondan iborat ikkita 4 qavatli zamonaviy uylarni qurish huquqini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng, sobiq «GM Uzbekistan» korxonasida targ‘ibot o‘tkazib, 2016 yil 31 dekabrga qadar uylarni qurib berishni va'da qilgan. Bunga ishongan odamlar «Asia Great Building» MChJ bilan shartnoma imzolab, katta miqdordagi pullarni hisob-raqamiga o‘tkazib berishgan.

Ammo imoratlar va'da qilingan vaqtda qurib bitkazilmagan. Oldin bu muddat bir necha marta surilgan, keyinchalik qurilish ishlari umuman to‘xtab qolgan.

2017 yilda «Asia Great Building» MChJ rahbarlari va ba'zi xodimlari ustidan jinoyat ishi ochiladi. Oktabr – noyabr oylarida ularga ayblov e'lon qilinib, hibsga olinadi.

Sud kompaniya rahbariyatini «O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish», «Firibgarlik», «Aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish», «Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash», «Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish» jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topib, turli muddatlarga qamoq jazosini tayinlagan. Sudda aniqlanishicha, MChJ rahbarlari tomonidan jami 1 milliard 68 mln so‘m to‘planib, shundan taxminan 960 mln so‘mi o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinib, 27 fuqaro manfaatiga zarar yetkazilgan.

Jinoyatchilar qilmishi uchun jazolanishdi. Ammo odamlarning pullari qaytarilmadi. Bugungi kunda 27 nafar hamyurtimiz adolat istab, pullari qaytarilishi yoki va'da qilinganidek uy berilishini istashmoqda. Pitnak shahrining «Navbahor» mahallasida 1400 kv.m. hududda qurilishi tugallanmay qolgan bino esa qarovsiz holda yotibdi.

Firibgarlardan aldanib qolgan fuqarolar – Azamat Annayev 40 mln, Otanazar Sadullayev 29,7 mln, Rustamboy Sobirov 31 mln, Shuhrat Quryazov 60 mln, Ozoda Bardiyeva 27 mln, Muborak Saidmuratova 16 mln, Bahrom Davletov 23,2 mln, Ixtiyor Ro‘zmetov 26,2 mln, Ortiqboy Sobirov 15 mln, Yo‘ldosh Abdullayev 40 mln, Madiyor Sultanov 71 mln, Bagandik Artiqov 20 mln, Matmurat Radjapov 54,1 mln, Jahongir Annazarov 29,7 mln, Kamoljon Annaqov 29 mln, Izzatbek Sultanov 20 mln, Baxtiyor Bakiyev 21 mln, Umrbek Jumaniyazov 28,9 mln, Hamdam Niyazmetov 15,5 mln so‘m, Sardor Davletov 39,9 mln so‘m mablag‘ni «Asia Great Building» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berishgan.

Ularning ba'zilari katta miqdorda qarz olib, shartnoma pulini to‘lashgan. Boshqalari mulkini, mashinasini sotishgan. Ko‘pchiligi yaxshi kunimga yarar deb yig‘ib qo‘ygan pulini bergan. Bugungi kunda ularda uy ham, pul ham yo‘q.

Quruvchiga pul berib, aldanib qolgan fuqarolardan biri ulardan qarzni undirib olish bo‘yicha sudlashib ham ko‘rdi. Ammo, hozircha foydasi bo‘lmadi. Chunki sudlanuvchilarning hech qanday mulki yo‘q. Demak, ularning qarzdorligini mulkiga qaratish ham ilojsiz.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ishbilarmonlar, tadbirkorlar uchun juda keng imkoniyatlar yaratilyapti. Afsuski, bundan qo‘li egri, niyati nopok bo‘lgan ba'zi shaxslar ustalik bilan foydalanmoqda. Ular fuqarolarning ishonchiga kirib, chiroyli reklamalar, taqdimotlar, balandparvoz gaplar, aldov yo‘li bilan ko‘p miqdordagi pulni o‘zlashtirib olishyapti. Qalloblarni hatto qamoqqa mahkum bo‘lish xavfi ham cho‘chitmayapti. Nari borsa 2-3 yil panjara ortida o‘tirib, evaziga oddiy fuqaro umri davomida ishlab topolmaydigan pullarni qo‘lga kiritishmoqda.

Kuzatuvlar natijasida, firibgarlikka qo‘l urayotgan bunday «tadbirkorlar» oldin ham sudlangani, odamlarni chuv tushirishda «ustasi farang» ekanini ko‘ryapmiz. Gap shundaki, sud ulardan qarzni undirish to‘g‘risidagi qarorni chiqargan taqdirda ham, da'vogarlar bu pullarni olmasligi mumkin. Chunki «pixini yorgan» qalloblar o‘z nomida hech qanday mulkni rasmiylashtirishmaydi. Majburiy ijro byurosi esa ularning mulki yo‘qligi bois, qarzni yillar davomida undirolmaydi, mulkiga ham qarata olmaydi.

Shu o‘rinda qurilishi endi boshlanayotgan uy-joylarni sotib olmoqchi bo‘lgan vatandoshlarimizga ba'zi narsalarga e'tibor qaratishlarini tavsiya qilgan bo‘lardik. Avvalo quruvchi tashkilotning qachondan beri faoliyat yuritayotgani, avval qaysi binolarni, qanday muddatda qurib bergani, bu tashkilotdan avval ham uy sotib olgan odamlarning fikri qandayligi bilan qiziqib ko‘ring. Bundan tashqari, iloji boricha quruvchi tashkilot rahbarlari kim, ularning avvalgi faoliyati qanday bo‘lgan, ishbilarmonlik obro‘si haqida ham ma'lumot to‘plang.

Eng muhimi, quruvchida fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi borligi bilan ham albatta qiziqing. Agar bunday sug‘urta polisi bo‘lsa, quruvchi binoni o‘z vaqtida topshirmagan taqdirda, sug‘urta kompaniyasi sug‘urta mukofotini to‘lab beradi. Mablag‘laringizni qaytarib olish imkoniyati oshadi.

Albatta, bu choralar firibgarlardan saqlanishning 100 foiz kafolatlatgan yo‘li deyishdan yiroqmiz. Ammo vaqtingizni ayamasdan ularga amal qilsangiz, kelajakda jiddiy noxush holatlarga tushib qolishning, ko‘p miqdordagi pullardan ayrilib qolishning oldini olgan bo‘lasiz.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top