08:27 / 04.03.2020
1
23134

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Foto: uzanalytics.com

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi etib belgilandi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari hamda respublikada doimiy istiqomat qilayotgan boshqa tillarda so‘zlashuvchi aholi, shu jumladan xorijiy fuqarolar uchun Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlari huzurida hududiy bo‘linmalariga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

o‘zbek adabiy tili me'yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan o‘quv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

davlat xizmatchilarining o‘zbek adabiy tili me'yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish;

aholining yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me'yorlari, o‘zbek tilining tuzilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli asosda oshirib borish bo‘yicha ta'sirchan choralar ko‘rish;

davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish;

sohalar kesimida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ommabop qo‘llanmalar yaratish;

o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

sohaga oid o‘quv va malaka oshirish kurslarining, shu jumladan masofaviy o‘qitishning o‘quv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish.

Belgilanishicha:

Markaz va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashda oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari uchun tatbiq etiladigan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari qo‘llaniladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida o‘quv rejadagi fanlarni o‘qitish uchun professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar shtat va soatbay asosida jalb etiladi;

malaka oshirish kurslariga mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun soatbay ish haqi to‘lash shartlari bilan jalb etiladigan shaxslarga soatbay ish haqining miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga ko‘paytiriladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o‘qitiladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalari tinglovchilari tegishli oliy ta'lim muassasalarining Axborot-resurs markazi elektron adabiyotlar fondidan bepul asosda foydalanadi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida aholi uchun o‘zbek tilida yozma va nutq madaniyatini shakllantirish bo‘yicha tashkil etiladigan bepul o‘quv kurslari xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida ish joyidan ajralgan holda ta'lim olayotgan tinglovchilar uchun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

tinglovchilarni pulli shartnoma asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi davlat tilini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

2020 yildan boshlab dolzarb filologik ilmiy-texnik muammolar yechimiga bag‘ishlangan fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalari bajarilishini maqsadli moliyalashtirish;

universitetning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2021 yildan boshlab tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalarini oshirish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab respublika hududlarida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda respublika ta'lim muassasalarida ona tili va adabiyoti o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash va uzoq hududlardan o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida davlat universitetlari hamda pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki ta'lim shaklida o‘qitishni tashkil etish

o‘zbek tilining lug‘at boyligini yangi so‘zlar bilan doimiy boyitib borish va ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borishga mo‘ljallangan O‘zbek shevashunosligi markazini bir oy muddatda tashkil etish;

Universitetda:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab “Sinxron tarjima” va “Kompyuter lingvistikasi” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik (etnologiya)”, “Kompyuter lingvistikasi”, “Psixologiya”, “Sotsiologiya”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti (tillar bo‘yicha)”, “Folklorshunoslik va shevashunoslik”, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari hamda “Badiiy tarjima”, “Ilmiy-texnik tarjima” va “Tarjima nazariyasi va amaliyoti (tillar bo‘yicha)” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar 2019/2020 o‘quv yili davomida oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti kafedralari tashkil etilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top