20:06 / 18.07.2020
40349

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi va Surxondaryo viloyati hokimi koronavirusdan davolanayotgani ma'lum bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 73 yoshli Musa Yerniyazov Nukus shahrida, 50 yoshli To‘ra Bobolov esa Toshkent shahrida davolanmoqda. Ularning holati barqaror deb baholanmoqda.

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi bir guruh soha vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan.

Tashrif davomida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etilgan. Unda bir nechta masalalar qatorida Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning holati ham tahlil qilingan.

Videokonferensiyada xorijlik mutaxassislardan Yevropa anesteziya va intensiv terapiya jamiyatining prezidenti, Frankfurt universiteti klinikasidagi Anesteziya, intensiv terapiya va kasalliklarni davolash klinikasi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Kay Zaxarovskiy, Frankfurt universiteti klinikasining anesteziologiya, intensiv terapiya va shoshilinch tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Xolger Neb ishtirok etgan.

«Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash usullarni ishlab chiqqan Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislari ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdilar, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishildi», – deyiladi SSV xabarida.

Top