09:36 / 13.02.2020
0
13525

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha eksperiment boshlandi

U poytaxtning Yakkasaroy tumani, Jizzax va Marg‘ilon shaharlarida 2020 yil 1 mayga qadar o‘tkaziladi. Maqsad – “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida"gi Qonunni aprobatsiya qilish.

Foto: KUN.UZ

Qonun shu yilning avgust oyida kuchga kiradi. 1 iyunga qadar tajriba natijalariga ko‘ra, hujjatni takomillashtirish zarurati va respublikaning boshqa hududlarida u qanday qo‘llanilishi aniqlab olinadi, deb yozmoqda Norma.
 
O‘tkazilayotgan tajribadan asosiy maqsad - ko‘p kvartirali uylarni quyidagilar tomonidan boshqarishning turli mexanizmlarini amaliyotda aprobatsiya qilish:

joylarning mulkdorlari tomonidan (bevosita boshqarish);

yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida;

uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan.
 
Quyidagilarni amalga oshiradigan hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi:

boshqarishning qo‘llanilayotgan huquqiy mexanizmlarning joriy holatini tahlil qilish;

boshqarish organlarining moddiy-texnik jihozlanishini, shuningdek ular malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish;

ko‘p kvartirali uylarning joylashuvi xaritasini ishlab chiqish, har bir uyni pasportlashtirish, tutash hududlarni belgilash choralarini ko‘rish va h.k.
 
Hududiy ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda eksperiment samarali o‘tkazilishini ta'minlash bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A. Ramatov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhiga yuklandi.
 
Jizzax, Marg‘ilon va poytaxtning Yakkasaroy tumani uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish masalalari bo‘yicha aholi uchun maslahat punktlari tashkil etiladi. Bir oy muddatda tegishli hududiy hokimliklar kvartiralar mulkdorlariga tutash hududdan doimiy foydalanish huquqi asosida hujjatlar beradi, boshqarish tashkilotlariga esa faoliyat yuritishi uchun zarur bino va inshootlar ajratadi.
 
Eksperiment o‘tkazish davrida “Eng yaxshi boshqaruvchi” tanlovlari tashkil etiladi, ularning natijalari hamda g‘oliblarning ish tajribasi OAVda keng yoritiladi.
 
Shuningdek, hujjat bilan huquqiy eksperiment o‘tkazish mexanizmlarini tartibga soluvchi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Nizom:

ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni tashkil etish;

uylarni saqlash uchun zarur xizmatlar va ishlarning minimal ro‘yxatini shakllantirish;

boshqarish organi faoliyati to‘g‘risidagi axborotni yoritish;

eng yaxshi boshqaruvchi tanlovini o‘tkazish;

avariya-tiklash xizmatlarining faoliyat yuritishi;

boshqarish shartnomasi bekor qilinganligi munosabati bilan uyni boshqarish bilan bog‘liq texnik va boshqa hujjatlar, texnik vositalar va uskunalarni topshirish;

kvartiralar mulkdorlari va ijarachilarining boshqaruvchi tashkilotlar (boshqaruvchilar) va UMSh bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish tartibini reglamentlaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top