11:41 / 25.05.2021
6249

Sherzod Qudbiyev soliq tushumlari oshgani soliq yuki oshgani bilan bog‘liqligini rad etdi

O‘zbekistonda soliq tushumlari 30 foizga oshgani soliq yuki oshganidan darak bermaydi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiy o‘sish sur'atlariga qaraganda yuqoriroq bo‘layotgani qo‘mita soliq ma'murchiligini yaxshi amalga oshirayotgani va avval yashirin iqtisodiyotda bo‘lgan aylanmaning legallashtirilishi bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda Qudbiyev Kun.uz muxbirining soliq yuki to‘g‘risidagi savoliga javob berdi. 

Kun.uz: — O‘zbekistonda soliq tushumlari 30 foizga ko‘paydi, YaIM o‘sishi esa 3 foiz. Qator sohalar hali tiklangani yo‘q. Bu holat iqtisodiyotga soliq yukining oshib borayotganidan dalolat emasmi?

Soliq qo‘mitasi raisi soliq tushumlarining oshgani soliq yuki oshishidan dalolat bermasligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u o‘tgan yilga nisbatan 2021 yilda QQS tushumi 40 foizga oshganini va qo‘mita soliq ma'murchiligini yaxshi amalga oshirayotganidan faxrlanishini ta'kidladi.

«Soliq tushumlari deyarli 30 foizga nominal qiymatda oshdi, iqtisodiy o‘sish nominalda hisoblanmaydi. Iqtisodiy o‘sishni hisoblayotganda albatta, inflatsiya darajasi hisobga olinadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri baholash noto‘g‘ri. Lekin soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiy o‘sish suratlariga qaraganda yuqoriroq bo‘lyapti, biz bundan faxrlanamiz, ya'ni biz soliq ma'murchiligini yaxshi amalga oshiryapmiz.  

Nafaqat 30 foiz, men boshqa narsani aytaman, qo‘shimcha qiymat solig‘i tushumlari o‘tgan yilgi birinchi chorak bilan bu yilgi birinchi chorakni taqqoslasangiz, 40 foizga oshdi. Demak, biz QQS ma'murchiligini yaxshi qilyapmiz.

Endi QQS ma'murchiligini yaxshi qilyapsizmi yoki iqtisodiyotga soliq yukini tushiryapsizmi degan savol bo‘lishi mumkin. Yo‘q, iqtisodiyotga soliq yukini tushirmayapmiz, chunki O‘zbekiston iqtisodiyoti deyarli 50 foiz soyada, buni hamma xalqaro moliya institutlari ham tan oldi. Ya'ni haqiqiy qilgan aylanmasini ko‘rsatmayapti.

Yashirin iqtisodiyotda qolgan tovar aylanmasini legallashtirish evaziga umumiy tushumni oshirdik», — dedi Qudbiyev.

Shu bilan birga, DSQ raisi bir yil ichida soliq tushumlari oshganini qo‘shimcha qildi, bu raqamlar hech qayerda keltirilmaganiga urg‘u berdi.

«Yana bir yangi raqam, bu hech qayerda chiqmagan hali. O‘tgan yil may oyida 7,2 trillion so‘m mablag‘ tushirardik. Kurs bo‘yicha 720 million dollar. Oxirgi oyda 10 trilliondan ortiq mablag‘ tushiryapmiz, demak, har oyda O‘zbekiston soliq organlari davlat budjetiga 1 milliard dollar pul tushiradi. Yangi Soliq kodeksi qabul qilinib, soliq islohotlari yangi bosqichga chiqqani mevasini beryapti», — dedi u.

Top