14:40 / 20.06.2019
8351

«Toshkent-O‘sh» yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladimi?

Bugun, 20 iyun kuni Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan «Toshkent-O‘sh» yo‘nalishidagi aviaqatnov qachon yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha savol berildi.

«O‘tgan yili beshta yangi yo‘nalish bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydik. Bu yil ham ikkita yangi yo‘nalish – Tbilisi va Jakarta tomon qatnovlar amalga oshirilishi rejalangan. To‘g‘ri, O‘sh qo‘shni davlatning yirik shahri va unda ko‘p sonli millatdoshlarimiz yashaydilar. Biz bu masalani ko‘rib chiqyapmiz va kun tartibidan olganimiz yo‘q. Ammo hozircha aniq muddatlar haqida gapirishga erta», deya MAK direktori o‘rinbosari Umid Husanovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

2018 yilning 17 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston aviatsion hukumatlari o‘rtasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi hamda Qirg‘izistonning Air Manas va Avia Traffic Company kompaniyalari vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tgan, tomonlar Toshkent-Bishkek-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini haftasiga to‘rttagacha oshirish, shuningdek O‘sh-Toshkent-O‘sh yo‘nalishi bo‘yicha qirg‘iz tomonidan haftasiga bitta reys ochishga kelishib olishgani haqida xabar berilgandi.

Top