15:09 / 09.11.2022
22440

Farg‘onadagi IIB muassasasida yana bir fuqaro vafot etdi

8 noyabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum yurak kasalligi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIBB xabar berdi.

Ma’lum qilishicha, marhum R.N.ga joriy yil 1 iyun kuni sud hukmi bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va probatsiya hisobiga olingan. Lekin, o‘rnatilgan cheklovlarni buzib, belgilangan hududni tark etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 6 noyabr kuni Toshkent shahrida ushlanib, Qo‘qon shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

«Joriy yilning 8 noyabr kuni soat 02:56 larda mahkum N.R. o‘zini yomon his qilganligi uchun u bilan birga saqlanayotgan S.Yu. nazoratchi xodimlarni yordamga chaqirgan. Hibsxona xodimlari muassasaga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi orqali holatni ko‘rib, zudlik bilan tez-tibbiy yordamga murojaat qilishgan. Muassasaga yetib kelgan tibbiyot xodimlari soat 03:16da mahkumning o‘limini qayd etgan» – deyiladi IIBB bayonotida.

Qo‘qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining dastlabki tashxisiga ko‘ra, marhum R.N.ning o‘limiga «yurakni surunkali ishemik kasalligi, yurak toj qon-tomirlarining o‘tkir yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan. Marhumning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, IIV muassasasida vafot etgan marhumga 2021 yil mart oyida o‘g‘irlik jinoyati uchun sud tomonidan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Keyinroq, 2021 yil oktabr oyida jazoning o‘talmay qolgan qismi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Shundan so‘ng, 2022 yil iyun oyida o‘talmay qolgan 1 yil 1 oydan ortiq axloq tuzatish ishlari jazo muddati, shu muddatga tungi vaqtda (soat 21:00 dan 06:00 qadar) yashash xonadonidan chiqmaslikdan iborat ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Shuningdek, marhumga ozodlikdan cheklash jazosini o‘tash tartib-qoidalari va jazodan bo‘yin tovlash oqibatlari tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17 oktabr kuni ham Farg‘onadagi IIB muassasasida o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lgani uchun qamab qo‘yilgan 15 yoshli o‘smir vafot etgani ma’lum qilingan edi. Ushbu holat yuzasidan prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atgan: ikki kishiga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan, IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Top