14:19 / 12.02.2020
4
23672

«Zaxira legolari» - Doim qayta tiklana oladigan «Nasaf» haqida

Qarshining «Nasaf» klubi har doimgidek bu mavsum oldidan ham qator futbolchilari bilan xayrlashdi. Jamoa sardori Umar Eshmurodov «Paxtakor»ga ketdi, asosiy yulduz Aziz G‘aniyev BAAga transfer qilindi. Bundan tashqari, klubni asosiy to‘purar Humoyun Murtazoyev, tayanch yarimhimoyasi yetakchisi Sardor Abdurahimov, chap qanot himoyachisi Xurshid Muxtorov, so‘nggi mavsumlarda ochilgan Islom Rashidxonov hamda Xitoydagi Osiyo chempionati g‘olibi Doniyor Narzullayev ham tark etishdi.

Qarshining «Nasaf» klubi har doimgidek bu mavsum oldidan ham qator futbolchilari bilan xayrlashdi. Jamoa sardori Umar Eshmurodov «Paxtakor»ga ketdi, asosiy yulduz Aziz G‘aniyev BAAga transfer qilindi.

Bundan tashqari, klubni asosiy to‘purar Humoyun Murtazoyev, tayanch yarimhimoyasi yetakchisi Sardor Abdurahimov, chap qanot himoyachisi Xurshid Muxtorov, so‘nggi mavsumlarda ochilgan Islom Rashidxonov hamda Xitoydagi Osiyo chempionati g‘olibi Doniyor Narzullayev ham tark etishdi.

Shunday bo‘lsa-da, Ro‘ziqul Berdiyev yana yaxshi jamoa tuza oldi. Go‘yo Berdiyev uchun har yili yangi jamoa tuzish shunchaki lego o‘yinchog‘idan uy qurish kabi oddiy ishdek. Va yana go‘yo unda doim zaxira legolari bordek. Murabbiy yetakchilarini yo‘qotib ham tezda tiklanishni qanday eplaydi?

Avvalo bu yil ham «Nasaf» yaxshi jamoaga aylanishi haqida fikrimizni izohlasak. E'tibor bergan bo‘lsangiz, Ro‘ziqul Berdiyev hech bir futbolchini uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchi bo‘lmay turib qo‘yib yubormaydi. Masalan, Umar Eshmurodov «Paxtakor»ga ketishiga rozi bo‘lgan Berdiyev Tailanddagi Osiyo chemionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Husniddin Aliqulov keyinchalik Umar Eshmurodovning o‘rnini egallashini bilmagan deb o‘ylaysizmi? Husniddin Tailandga «Nasaf» tarkibida har zamonda maydonga tushadigan futbolchi bo‘lib borib milliy jamoa darajasidagi himoyachi bo‘lib qaytdi: Abramov uni milliy jamoaga chaqirdi.

Chap qanot himoyachisi Xurshid Muxtorov ham bejiz qo‘yib yuborilmagan, Tailanddagi musobaqada yana bir futbolchi porladi. «Istiqlol» va «Navbahor»da ijarada o‘ynagan qanot vingeri Ilhom Alijonov yana «Nasaf»ga qaytgan va katta ehtimol bilan yangi mavsumda asosiy tarkibda o‘ynaydi.

O‘zi «Nasaf»dan so‘nggi yillarda qancha qanot himoyachisi chiqqanini sanamoqchi bo‘lsangiz, adashib ketishingiz hech gap emas. Hozirgi tarkibda ham Alijonovga raqobatchi Sherzod Nasrullayev bor.

O‘ng qanotni esa Dilshod Saidov allaqachon o‘ziniki qilib olgan. Drulovich Tailanddagi chempionatda negadir Dilshodga umuman imkoniyat bermadi, vaholanki u O‘zbekiston chempionatida eng ko‘p golli vaziyatlarda qatnashgan himoyachilardan edi. Dilshod ayni damda O‘zbekistondagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan desak, bo‘rttirish bo‘lmaydi.

Demak, «Nasaf» himoyasi yaxshi holatda desak bo‘ladi: markazda G‘olib G‘aybullayev va Husniddin Aliqulov, chapda Ilhom Alijonov, o‘ngda Dilshod Saidov. Darvoqe, himoyadan oldingi chiziq — darvoza haqida. Osiyo chempionati-U23 bahslaridan so‘ng Abduvohid Ne'matov milliy jamoadan chaqiruv oldi. Bu esa «ajdarlar» darvozasida hammasi joyida deganidir.

Berdiyevning yarimhimoyasi ham chakki emas. Ko‘p eslayotganimiz Tailanddagi chempionatda O‘zbekiston tarkibida eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchi Oybek Bozorov bo‘ldi. O‘zbek futbolini ko‘rib yurganlar, ayniqsa «Nasaf» muxlislari uning yaxshi futbolchi ekanini bilardi, ammo aynan shu musobaqadan so‘ng Bozorovni hamma muxlislar yaxshi tanib oldi. U ham milliy jamoaning BAAda o‘tkaziladigan yig‘iniga chaqirildi.

G‘aniyevdan keyin «Nasaf»ning asosiy yulduzi aynan Oybek Bozorov bo‘lishi kutilmoqda. Berdiyevning navbatdagi kashfiyoti yangi mavsumda o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib boshqacha o‘yin ko‘rsatishini taxmin qilish mumkin. Yarimhimoya hududini nazorat qiladigan futbolchi esa katta ehtimol bilan Sharof Muhiddinov bo‘ladi. Milliy jamoa safida ham debyut qilishga ulgurgan Muhiddinov qanot himoyasidan markazga o‘tib yaxshi pleymeyker ekanini isbotlay oldi.

«Nasaf» muxlislari yarimhimoyada Oybek Bozorov va Sharof Muhiddinovdan tashqari Islom Kenjaboyevdan ham ko‘p narsa kutishadi. Faoliyati juda yaxshi rivojlanayotgan vaqtda jarohat olgan bu futbolchi hozir yana yaxshi holatda. Texnikasi va tezkorligi bilan ajralib turadigan Kenjaboyev Humoyun Murtazoyev ketgach, hujumda Bobur Abduxoliqovga yordam berishi kerak bo‘ladi.

Berdiyevni o‘ylantirayotgan masala aynan hujum bo‘lsa kerak, chunki jamoada ijarada o‘ynab asosiy hujumchiga aylana olgan Humoyun Murtazoyev «Bunyodkor»ga ketib qoldi. Darvoqe, u bilan birga «Bunyodkor»ga o‘tib ketgan Sardor Abdurahimov o‘rnini murabbiy boshqa futbolchi transfer qilib to‘ldiradimi yoki murabbiy bu pozitsiyaga boshqa futbolchi tayyorlab qo‘yganmi, buni mavsum boshlangach bilib olamiz. Har holda tayanch zonasida sof «opornik»ning o‘rni beqiyos, uni oldinga o‘tib ketadigan yarimhimoyachi bilan to‘ldirish imkonsiz.

Demak, hujum haqida gaplashayotgandik. Bir necha yil oldin «Nasaf» safida Sherzod Temirov degan futbolchi debyut qilganini ko‘pchilik eslasa kerak. Keyinchalik bu futbolchi «Sho‘rtan»ga ijaraga berildi. Bo‘yi baland, bosh bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatadigan Sherzod Temirov katta ehtimol bilan yangi mavsumda «Nasaf»ga qaytsa kerak.

Aytgancha, qarshiliklarning afrikalik legioneri Traore hozircha «Nasaf» safida maydonga tusha olmaydi, chunki PFL talabiga ko‘ra, legioner futbolchi oldingi jamoasida ma'lum muddat o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak. Shu bois, «Nasaf» Traoreni bir mavsum «Dinamo»ga ijaraga berishi haqidagi taxmin ham yo‘q emas.

Demak, so‘zimiz avvalida «Nasaf» qanday qilib har yil yangi jamoa tuza olishi haqida savol bergandik, bunga javob berishga urinib ko‘ramiz. Aytish mumkinki, avvalo «Nasaf»da ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Klub o‘z akademiyasiga jiddiy e'tibor beradi. Akademiya avtobuslari yoqilg‘iga pul topolmay qolganda ham klub uning faoliyatini to‘xtatib qo‘ymadi va bugun aynan akademiya «Nasaf»ning joniga oro kirmoqda.

Birinchidan, akademiyadan doim yaxshi futbolchilar chiqib turgani murabbiylarda tanlov imkoniyatini oshirmoqda. Yoshlar o‘rtasidagi har bir musobaqadan keyin «Nasaf»ning qator futbolchilari porlab chiqishi ham aynan shu akademiya mevasi. Ikkinchidan, «Nasaf» har yili o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilari transferidan mo‘maygina pul ishlab olmoqda. O‘tgan yil «Paxtakor» Odil Hamrobekov uchun 2,5 milliard so‘m bergandi, bu yil Aziz G‘aniyev BAA klubiga 620 ming yevroga transfer qilindi. Bundan tashqari, yana ko‘plab futbolchilar mahalliy klublarga ijaraga berildi yoki transfer qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, «Nasaf» ko‘pchilik klublar kabi hokimiyat beradigan «to‘rt so‘m pul»ga ko‘z tikmay o‘zini o‘zi boqishga harakat qilmoqda.

Jamoa doim yangidan shakllanishni muammosiz uddalayotganining asosiy sababchisi esa shubhasiz, Ro‘ziqul Berdiyev. Futbolchilik faoliyatini «Nasaf»da o‘tkazib, shu klubda yakunlab, murabbiylikni ham «Nasaf»da boshlagan Berdiyev klub ramziga aylangan. Avvallari Yevropa futbolida ba'zi jamoalar butun jamoa nazoratini murabbiylarga topshirar, bunday murabbiylar chinakam menejyer sifatida faoliyat olib borardi. Masalan, «MYu»da ser Aleks Fergyuson, «Arsenal»da Arsen Venger.

Bunday murabbiylar klubdagi hamma narsani nazorat qiladi. To‘g‘ri, rasman hamma lavozimlarda kimdir bo‘ladi, ammo futbolchining qancha maosh olishigacha aynan menejyer-murabbiylar nazorat qilgan. Hozir Yevropada bunday murabbiylar deyarli qolmagan.

O‘zbekistonda ham butun klub tuzilmasini nazorat qiladigan murabbiylar bormi deysizmi? Bor, albatta. Masalan, Yuriy Sarkisyan shunday inson edi. U o‘z vaqtida butun «Neftchi»ni nazorat qilardi. Katta murabbiylardan Rustam Mirsodiqovni ham biz sanayotgan toifadagi murabbiylar sirasiga kirita olamiz. Bugungi murabbiylardan Hamid Aktamov ham deyarli shunday murabbiy.

Ammo so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi hech bir jamoada murabbiyning roli Ro‘ziqul Berdiyevniki kabi bo‘lmagan.

Klubda bu qadar katta avtoritetga ega murabbiyning ishlashi jamoa uning atrofida shakllanishiga olib keladi. Murabbiy atrofida birlashgan jamoa esa inqirozga yuz tutmaydi. Boshqa murabbiylar klubining o‘rinbosarlar jamoasida qanday futbolchilar o‘ynashini ham bilmasligi mumkin, ammo Berdiyev «Nasaf» akademiyasi jamoasidagi uchinchi darvozabonni ham tanisa kerak. Chunki bizning klublardagi ko‘pchilik murabbiylar pul ishlash uchun har yil jamoa almashtiradi, Berdiyev esa «Nasaf»ga shunchaki jamoa sifatida qaramaydi.

Boshqa klublarda futbolchilar murabbiy iste'foga chiqishini oddiy qabul qilishi, bunga e'tibor ham qilmasligi mumkin, ammo «Nasaf» futbolchilari o‘yinlari chiqmayotgan vaqtda murabbiylarini yuqori lojadagi odamlar chaqirib qolganini sezsa, u uchun ham ikki hissa yaxshiroq o‘ynab derbilarni yutib ketishadi.

Ha, «Nasaf»da murabbiy uchun o‘ynash degan narsa shakllangan, chunki jamoani shunga munosib inson boshqaradi.

«Nasaf» bu yil chempionlik uchun kurashadimi yo‘qmi aytish qiyin. Bu qadar kuchli «Paxtakor»ga qarshilik ko‘rsatish oson bo‘lmaydi. Ammo bir narsa aniq, «Nasaf»da doimgidek JAMOA bo‘ladi. Siz uchun qanday bilmadim, lekin shaxsan men uchun mavsum oldidan tarkibini taxmin qilish mumkin bo‘lgan, ya'ni mavsum oldidan asosiy tarkibi aniq bo‘lib ulgurgan jamoa kuchli. Bunday jamoalar sirasiga bizda «Paxtakor» va «Nasaf»ni kiritish mumkin.

Nima deb o‘ylaysiz, Tailandda porlagan shogirdlari bilan Berdiyev chempionlik uchun kurasha olarmikin?..

O‘tkir Jalolxonov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top