18:39 / 18.06.2020
8531

Bu yil O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga 1300 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi

2020–2021-o‘quv yili uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga 1 300 nafar, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘proq talaba o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Eshmamatov 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

Foto: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti

Qayd etilishicha, 2020 yid 12 iyunda qabul qilingan “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ko‘rsatib berilgan. Qolaversa, qaror bilan sport faoliyati bo‘yicha bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil etib belgilangan.

«2020–2021-o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan parametrlariga ko‘ra, bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 125 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Shundan grant asosida ta'lim oluvchilar uchun 320 ta, shartnoma asosida ta'lim oluvchilarga 805 ta o‘rin ajratilgan.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialiga esa joriy yil 175 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Bundan tashqari, 2020/2021 o‘quv yilida universitetga sirtqi ta'lim yo‘nalishida shartnoma asosida 600 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.

Shuningdek, magistratura ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha grant asosida 18 nafar, shartnoma asosida 88 nafar, jami 106 nafar talaba oliygohga qabul qilinishi rejalashtirilgan», deya Otabek Eshmamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2020–2021-o‘quv yilida bir qator yangi ta'lim yo‘nalishlari tashkil etilmoqda. Endilikda universitetda shaxmat, regbi, karate VKF, tog‘ chang‘isi va stol tennisi sport faoliyatlari bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi.

«2020–2021-o‘quv yili qabuli bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun imtihon topshirishda o‘ziga xos yengilliklar yaratilgan. Ma'lumki, shu paytgacha abituriyentlar maxsus texnik tayyorgarlik, umumiy jismoniy tayyorgarlik va suzish yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihon topshirib kelishar edi.

Ushbu o‘quv yili uchun esa maxsus texnik tayyorgarlik va umumiy jismoniy tayyorgarlik yo‘nalishlarida abituriyentlarning imkoniyatlari sinovdan o‘tkaziladi va ularda umumiy hisobda 189 ball yig‘ish imkoni mavjud.

Shuni ham qo‘shimcha qilish kerak, abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirish uchun o‘quv muassasasiga faqat bir marta kelib ketadi va bir nafar abituriyentning imtihon topshirishi uchun maksimal bir soat vaqt talab etiladi.

Abituriyentlardan hujjatlar 20 iyundan 20 iyulgacha qabul qilinadi. Jumladan, ular Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan hududlarda, ya'ni Davlat xizmatlari markazlari orqali, shuningdek, barcha hududlarda: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali oliy ta'lim muassasasiga hujjatlarini topshirishi mumkin», deydi Otabek Eshmamatov.

Mavzuga oid
Top