16:41 / 02.02.2021
29556

Baralla yangrayotgan azon ovozi va yo‘qotilgan «qora ro‘yxatlar» – Shavkat Mirziyoyev diniy sohada qanday erkinliklarni qaytardi?

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng diniy erkinliklarni ta'minlash borasida ijobiy qadamlar tashlanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda asta-sekinlik bilan avval yopilib ketgan masjidlar qayta ochilmoqda, ilgari baland ovozda aytilishi taqiqlangan azon ovozlari qaytdi, yurtimizda ilk bor Mushafi sharif chop etildi va Qur'on musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, xalq orasida «borsa kelmas» deya ta'riflangan Jasliq qamoqxonasi yopildi, diniy e'tiqodi tufayli qamalgan minglab mahbuslar afv etildi va dindorlar uchun tuzilgan «qora ro‘yxat»lar bekor qilindi.

Albatta bunday ijobiy o‘zgarishlar mamlakatning xalqaro imijiga ham ta'sir qilmay qolmayapti. O‘zbekiston 2018 yil AQShning diniy erkinlik bo‘yicha «qora ro‘yxati»dan, 2020 yilning dekabr oyida esa diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan (Special Watch List) chiqarildi.

2019 yil 2 avgust kuni prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonda joylashgan xalq uchun «ichkaridagi» qiynoqlarning ramzi va borsa kelmas deya ta'riflanadigan Jasliq qamoqxonasi yopildi, mahkumlar tayinlangan jazo turiga qarab boshqa qamoqxonalarga ko‘chirildi. Shuningdek, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi vakillari 2016 yildan O‘zbekistondagi qamoqxonalarda mahkumlarga kun tartibini buzmagan holda namoz o‘qish va ro‘za tutishga ruxsat berilganini ma'lum qildi.

O‘zbekistonda taqiqlangan ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning ro‘yxatini olib borish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Umra ziyoratiga boruvchilar soni dastlab 2018 yilda 6 ming kishidan 10 ming kishiga oshirildi, 2019 yilga kelib umraga boruvchilar soniga qo‘yilgan cheklov butunlay bekor qilindi va ushbu muqaddas safarga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkinligi belgilandi.

Haj ziyoratiga boruvchilar soni ham 2017 yilda 5200 nafardan 7200 nafarga oshirildi. 2020 yil fevraldan Toshkent-Madina yo‘nalishida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Umra va Haj ziyoratlarini tashkil qilish uchun sayyohlik firmalariga ruxsat berilmayotgani ko‘pchilik tadbirkorlarni va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda, shuningdek, bu – bozordagi yana bir soha monopollashuviga olib kelmoqda.

2018 yilda prezident qarori asosida Vaqf fondi tashkil qilindi. Xayriya jamoat fondi asosan 3ta: vaqf, xayriya, zakot (ushr, fidya, fitr sadaqasi) hisob raqamlariga tushadigan mablag‘larni tasarruf etish imkoniga ega bo‘ldi. Dastlab Fondning faoliyatiga doir ko‘plab shubhali gap-so‘zlar tarqalgan bo‘lsa-da, tashkilot minglab bemorlar, qiyin ahvolda qolgan oilalar va tolibi ilmlarga yordam berishga ulgurdi. Hozirda yangi tayinlangan rahbar tashkilot oldiga yangi maqsadlar qo‘yib, oldinga intilmoqda.

Islomning shiorlaridan bo‘lgan azonni yana ovoz kuchaytirgichlar orqali aytishga ruxsat berilishi millionlab qalblarni eritib yubordi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Axir xalqimiz bu ovozni bemalol eshitishni necha yillab kutgandi, hattoki o‘z telefoniga azon ovozi yozib olishga qo‘rqib yurgan insonlar bo‘lgan. Bugun esa baland minoralardan baralla azon ovozlari yangramoqda.

Shuningdek, asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, yurtimizda avval yopilgan masjidlar ochilmoqda yoki qayta qurilmoqda. O‘zbekiston Musulmonlar idorasining ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda 40ta yangi masjid ochilgan va 500dan ortig‘i qayta ta'mirlangan. 2021 yilning 26 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi masjidlar soni 2081tani tashkil qilmoqda.

Lekin bu raqamlar hatto aholisi bizdan kamroq bo‘lgan qo‘shnilarimizdagi masjidlar soni ham bizdagidan ko‘proq ekanini ko‘rsatmoqda. Ayni vaqtda tahririyatda masjid sifatida faoliyat yuritish uchun barcha hujjatlarni topshirib ham ruxsat ololmay turgan yuzlab fuqarolarning arizalari bor…

2020 yilda Ichki ishlar vazirligi masjidlarga voyaga yetmagan fuqarolar va bolalarning o‘z yaqinlari hamrohligida namoz o‘qish uchun erkin kelib-ketishlari mumkinligini eslatib rasmiy bayonot bergani yana bir quvonchli holat bo‘ldi. Shundan so‘ng, har tugul bolalarning masjidga kirishiga to‘sqinliklar kamayib qoldi.

2019-2020 yillarda prezidentning tashabbusi va nazorati ostida o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyalari davomida Yaqin Sharqdagi mojaro hududlaridan 300dan ortiq yurtdoshlarimiz qaytarib olib kelindi. Qaytarilganlar dastlab maxsus sanatoriylarga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta'minlandi, ularga shifokorlar, ruhshunoslar va ustozlar biriktirilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tiklab berildi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas'uli Muzaffar Komilov agarda «qo‘li qon bo‘lmasa», vaqti-soati bilan «Mehr» operatsiyalari doirasida erkaklar ham qaytarilishini bildirdi.

Shuningdek, Toshkent shahrida prezident tashabbusi bilan Islom sivilizatsiya markazi qurilmoqda. Islom ilmlarining rivojlanishi va boy tarixiy merosimizni o‘rganishga mo‘ljallangan ushbu maskan qurilishini shaxsan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bir necha marta borib ko‘zdan kechirdi.

2018 yilda prezident tashabbusi bilan tuman, viloyat va respublika bosqichlari asnosida Qur'on musobaqasi o‘tkazildi. Unda Allohning kalomini yod olgan, uni qalb tubida joylagan minglab qori va qoriyalar samimiy bellashdi. Musobaqaning oliy o‘rniga munosib ko‘rilgan Yo‘ldoshbek qori Nuriddinovga «Jyentra» rusumli avtomobil yutuq tariqasida taqdim etildi.

Ammo prezident tashabbusi bilan respublika miqyosida o‘tkazilgan Qur'on va hadis musobaqalari 2018 yildan so‘ng bunday keng miqyosda o‘tkazilmay qo‘yildi.

Prezident avvalgi davrda rasmiy doiralarda ismi tilga olinmay kelgan zamondosh ulamo shayx Muhammad Sodiq Muhammad hazratlarining mehnatlarini e'tirof etdi. Mirziyoyev hazratning o‘g‘illari bilan uchrashib, Toshkent shahridagi katta masjidga u kishining nomlari berilishini, u kishining katta ilmiy merosini o‘rganish lozimligini aytdi.

Shuningdek, shayx Muhammad Sodiq Muhammad hazratlari asos solgan «Hilol nashr» nashriyotida O‘zbekistonda tarixida ilk bor Mushaflarni chop qilish boshlandi.

Shu bilan birga, jamiyatning faollashuvi natijasida ko‘p yillar davomida saqlanib turgan muammolar ham ko‘tarildi. 2018 yil Malika bozorida yuzlab yigitlarning soqoli majburiy olinishi inson huquqlari tashkilotlari, yirik xalqaro nashrlar va keng jamoatchilik tomonidan juda salbiy qarshi olindi hamda hukumatning imijiga bir qadar putur yetdi.

Keyinroq, Farg‘onaning sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev ayollarning ro‘mol o‘rashi borasidagi gaplari ham jamoatchilikning g‘azabiga uchradi.

G‘aniyevning gaplari internetda tarqalgan kunning o‘zida Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroyda o‘tkazilgan marosimda O‘zbekistonda ro‘molga hech kim hech qachon taqiq qo‘ymasligini ma'lum qilib, xavotirlarga o‘rin qoldirmadi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda turli masalalar ko‘tarilyapti. Qanday yarashadi o‘zbekona ro‘mollar. Qanday yarashadi o‘zbekona kiyinishlarimiz. Shu turishingiz muqaddas o‘zbek onasi timsoli. Mehrli onamiz, singillarimiz mana shunday yurishiga hech kim hech qachon qarshi bo‘lmaydi O‘zbekistonda», – degan edi Mirziyoyev.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida diniy erkinliklarni ta'minlash borasida salmoqli ishlar qilindi va ko‘plab mantiqsiz taqiqlar bekor bo‘ldi. Odamlar ham bu erkinliklarni his qilib, tadbirlarda yoki jamoat joylarida ham Qur'on va hadisdan iqtibos keltirib, o‘z e'tiqodlari haqida bemalol gapira boshladi. Aslida, bu demokratik davlat uchun oddiy hol bo‘lsa-da, 2016 yildan so‘ng boshlangan erkinliklarni his qilishda muhim omil hisoblanadi.

Ushbu erkinliklar saqlab qolinishi va bosqichma-bosqich xalqaro demokratik tamoyillarga moslashtirilishi ham kerak.

Farrux Absattarov

Top