08:19 / 01.09.2019
15
28378

Sportchilarni xalqaro musobaqalarga jo‘natish kimning «cho‘ntagi»dan bo‘lishi kerak?

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekistonda bolalar sportiga e'tibor ancha yillar oldin boshlangan. Erishilgan natijalar bu sohaga katta resurs va mablag‘ ajratilganini isbotlab turibdi. «Ammo», deydigan holatlar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Masalan, sportchilarni xalqaro arenalariga yuborish uchun mablag‘ har doim ham davlat budjetidan ajratilmaydi. Shaxsiy mablag‘lar ham qo‘shilishi hisobga olinadigan bo‘lsa, masala jiddiy o‘rganishni talab etadi, chunki sportchilarning ota-onalari hisobidan musobaqalarga qatnashishini oddiy holat, deb qabul qilmaslik lozim. Yo‘qsa, bolaning kelajakka ishonchini so‘ndirib qo‘yish mumkin. Umuman olganda, xalqaro sport musobaqalari uchun ketadigan sarf-xarajatlar kimning hisobidan amalga oshirilishi lozim?

«Sport federatsiyalariga qancha mablag‘ ajratish bo‘yicha monitoring olib borilishi kerak»

Aziz Jo‘raboyev (O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi raisi) 

— Sport federatsiyalariga mablag‘ ajratish 2 xil bo‘ladi: olimpiadaga kiritilgan va kiritilmagan sport turlari. Birinchisiga ko‘proq e'tibor va moddiy yordam beriladi, chunki uning natijadorligi yuqoriroq bo‘ladi, deb baholanadi. Ikkinchi turdagi sport turlari ham asta-sekinlik bilan rivojlanyapti, hozirdan bularga ham yetarlicha ahamiyat berilsa, ilg‘or yutuqlarga erishish mumkin. O‘tgan yili sport federatsiyamizga atigi 5 million so‘m ajratilgan. Bu pul bilan qaysi davlatga borib kelsa bo‘ladi? Bu yilda esa Osiyo o‘yinlarida yaxshi natija ko‘rsatganimiz uchun vazirlik tomonidan 25 million so‘m o‘tkazildi. Uning 10 millioni O‘zbekistondagi musobaqaga, qolgani chet elga borish uchun. Berilgan summa xorijga chiqish uyoqda tursin, O‘zbekistonda ikkita musobaqa o‘tkazishimga yetmaydi. Har yili an'anaviy tarzda 3ta musobaqa o‘tkazishim kerak. Bittasiga 15-20 mln so‘m sarflayman. Hattoki ichki xarajatlarni qoplash imkoni yo‘q.

Qonunchilikda olimpiada sport turlariga ko‘proq e'tibor berilishi kerak, boshqalariga kamroq, degan band mavjud emas. Demak, vazirlik tomonidan qaysi sport turiga qancha mablag‘, qaysi mezonlarga ko‘ra ajratilayotgani ma'lum qilinishi kerak.

Taklifim shundan iboratki, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yil boshida sport federatsiyalariga oldindan belgilangan tartibda mablag‘ tushirib berishi kerak. Undan keyin yil so‘ngida berilgan summa qanaqa maqsadlarga sarflangani bo‘yicha federatsiyalardan hisobot olinishi lozim. Hozir vaziyat qanaqa? Vazirlikka murojaat qilishimiz kerak pul o‘tkazish masalasida. So‘rovimiz qondirilishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Vazirlik tarkibida bitta monitoring guruhi tashkil qilinsa, har bitta sport federatsiyalari faoliyati bo‘yicha monitoring olib borilsa, statistik tahlillar o‘tkazilsa, o‘ylaymanki, sportdagi haqiqiy vaziyat shundayligicha yuzaga chiqqan bo‘lardi. Yana bir fikrni aytmoqchiman: sport federatsiyalarini sayyohlarni jalb qiluvchi vositaga ham aylantirish mumkin. Hech qaysi soha mamlakatni sportchalik tez tanita olmaydi. Shuning uchun federatsiyalar turistik oqimni ko‘paytirishda platforma vazifasini ham bajara olish imkoni bor.

«Farzandlarimiz sport musobaqalariga borganidan keyin faqat diplom va quruq medal bilan qaytmasligi kerak»

Munira Isomiddinova (o‘qituvchi)

— O‘g‘lim Indoneziya va Malayziyada milliy sport turi bo‘lgan penchak-silat bilan shug‘ullanadi. Respublika bo‘ylab o‘tkaziladigan sport musobaqalariga sarf-xarajat ota-onalar zimmasida. Xorijga chiqish ham shunday. Qo‘shimchasiga murabbiyning ham yo‘l pullarini biz to‘lashimiz kerak. Yo‘qsa, bu xarajat murabbiyning oyligidan ushlab qolish evaziga to‘ldiriladi. Farzandim sport musobaqalariga boradi. Bitta qog‘oz diplom va medal olib keladi, xolos. Kelajakda sport uning asosiy ishi bo‘lganidan keyin bu unga daromad olib kelishi kerak. Shundan so‘ng murabbiyga bolamni boshqa sport turiga olib boraman, deganimda, o‘g‘lingiz Osiyo chempionatiga chiqsa, g‘olib bo‘lsa, pul mukofoti berilishini aytdi. O‘shandagina davlat tomonidan e'tibor berilar ekan.

«O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari safiga kirmagan yoshlar homiylar, ota-onalar va shaxsiy mablag‘lar hisobidan xalqaro sport tadbirlariga yuborilishi mumkin»

— Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi «Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomni hamda sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 173–son qarori qabul qilingan. Unga muvofiq, xalqaro sport tadbirlariga sportchilarni jo‘natish masalasi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizom»ning 6-bandida sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) va (yoki) jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining taqdimnomasi bo‘yicha sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladi. So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zolari bo‘lgan sportchilar xalqaro sport tadbirlariga borish xarajatlari quyidagilar tomonidan qoplanadi:

·       Jismoniy tarbiya va sport vazirligi;

·       O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida;

·        sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (uyushmalar) uchun ajratilgan homiylik mablag‘lari;

·       qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2019 yil uchun respublika kalendar rejasiga ko‘ra, sport musobaqa tadbirlariga 38 mln 630 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ta'kidlanishicha, xalqaro musobaqalariga jo‘natish xarajatlari qachonki sportchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga qo‘shilgandagina davlat tomonidan qoplab beriladi.

Vazirlik matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 71ta federatsiya (uyushmalari) davlat reyestrdan o‘tkazilgan. Shundan, 30tasi olimpiya, 4tasi milliy va 37tasi noolimpiya sport turlaridan iborat. Homiylar Olimpiya o‘yinlari tarkibiga kiritilgan sport turlariga ko‘proq mablag‘ «tikadi». Sababi u ertaga o‘zini oqlaydi. Davlat tomonidan ham alohida «g‘amxo‘rlik» qilinishi rost. Bu orada noolimpiya sport turlarining ahvoli qanaqa bo‘lishi ochiq savol ostida qolib ketyapti. Davlat budjeti mablag‘ jihatidan «oyoqqa turib olgan» sport turlariga emas, soya ostida qolib ketgan sport turlariga ko‘proq ahamiyat qaratishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, negaki bir kun kelib ular ham yaxshi natijaga erishishi imkoniyati bor. Sport kimdir uchun sevimli mashg‘ulot, yana boshqalar uchun kasb. Shuni hisobga olib, o‘z kelajagini sport bilan hamnafaslikda ko‘rishni niyat qilgan murg‘ak qalbni «Yo zaring, yo zo‘ring bo‘lsin», qabilida tarbiyalamaslik lozim. Sport bilan o‘z hayotini bog‘lagan yoshga har qanday imkoniyatni berish kerak. Sportchiga homiylik qilish ilk davrdanoq boshlanishi kerak. Zero, hozir qilingan sarmoya ertaga ulkan natijani o‘z ortidan yetaklab kelishi shubhasiz.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top