11:37 / 20.08.2022
76111

UzAuto Motors: Chevrolet Tracker va Onix joriy yilda Spark va Nexia o‘rnini egallaydi

UzAuto Motors 2022 yil oxiridan boshlab Spark va Nexia avtomobillari ishlab chiqarishni to‘xtatadi.  

Foto: Kun.uz

Jahon avtomobilsozlik sanoatiga yarimo‘tkazgichlar va logistika bilan bog‘liq global inqirozlar, shuningdek, Sharqiy Yevropada kuzatilayotgan geosiyosiy muammolar o‘z ta’sirini o‘tkazdi, bu ham ishlab chiqarish hajmiga, ham avtomobil narxi va uni kutish muddatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

JD Power va LMC Automotive avtomobilsozlik sanoati tahlilchilarining hisobotiga ko‘ra, AQShda iyun oyida avtomobillarning o‘rtacha narxi rekord darajada 45 844 dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 14,5 foizga ko‘pdir.

Narxlarning ko‘tarilishi Rossiyaning bozoriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi – 2022 yilda kompaniya avtomobillar narxini o‘rtacha 30-40 foizga oshirdi.

Global kataklizm oqibatida avtomobil ishlab chiqarish hajmining kamayishi yuzaga keldi: Buyuk Britaniyada mikrochiplarning yetishmasligi tufayli avtomobil ishlab chiqarish 41 foizga kamaydi va jahon avtomobilsanoati lideri Honda Motor ta’minot zanjiri va logistika bilan bog‘liq doimiy muammolar tufayli Yaponiyada 2022 yilda rejalashtirilgan ishlab chiqarishni 30 foizga qisqartirishini ma’lum qildi.

Xuddi shu tendensiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilar Assotsiatsiyasining hisobotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida yangi yengil avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish pasayishda davom etmoqda.

Yillik hisob-kitoblarga ko‘ra, mavsumiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, AQShda yangi avtomobillarning umumiy savdosi iyun oyida 13,1 million donani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,3 million donaga kam.

Bu yil global avtomobil savdosi 81.4 million dona bilan oldingi holatini saqlab qolishi kutilmoqda. Chunki Xitoydagi mikrochip tanqisligi va kuzatilgan karantin savdo hajmiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Avtomobillarni kutish muddatiga e’tibor qaratsak, Honda Motor va Kia  joriy yilning mart oyida Janubiy Koreyadagi mijozlarga to‘langan, ammo yetkazib berilmagan avtomobillar soni jami 1 milliondan oshib ketib, ularning kutish muddati 18 oygacha yetdi. Xuddi shu davrda Toyota Tundra’ning ba’zi versiyalarini AQShga yetkazib berishni va’da qilmoqda. Yaponiya bozorida Toyota Land Cruiser 300 avtomobilining kutish muddati hali ham 4 yil.

UzAuto Motors AJ joriy yilning birinchi 6 oyligida 160 ming dona avtomobil ishlab chiqardi. Shuningdek iste’molchilarning talablarini inobatga olib, yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Iste’molchilarning zamonaviy avtomobilga bo‘lgan talabining ortib borayotganligi sababli, UzAuto Motors ishlab chiqarish liniyalarini bosqichma-bosqich yangi avtomobil modellariga o‘tkazmoqda.

Detroytda General Motors kompaniyasi vakillari bilan modellar qatorini yangilash va ishlab chiqarish hajmini oshirish doirasida o‘tkazilgan muzokaralarda, UzAuto Motors zavodi ishlab chiqarish quvvatini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Chevrolet Tracker va Onix bilan bir qatorda Chevrolet avtomobillarining zamonaviy modellari bilan kengaytirish va ishlab chiqarilayotganlarini yangilash (facelift) bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Aytib o‘tadigan bo‘lsak, joriy yilning iyul oyida Chevrolet Tracker avtomobili ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ydi. Oradan bir hafta o‘tgach, PPV bosqichida birinchi Chevrolet Onix avtomobilini ishlab chiqardi. 2023 yil boshida Chevrolet Onix avtomobilini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.   

Konveyyerlarning yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishga o‘tkazilishi munosabati bilan, 2022 yil yakunida Chevrolet Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Qolgan butlovchi qismlar yil davomida ushbu avtomobil modellarining turli konfiguratsiyalardagi so‘nggi partiyalarini cheklangan miqdorda ishlab chiqarishni davom ettirish imkonini beradi. Bugundan boshlab, ushbu Chevrolet Spark va Nexia avtomobillari sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda UzAuto Motors avtomobillariga bo‘lgan talabning yuqori ekanligini inobatga olib, kompaniya Chevrolet Spark va Nexia avtomobillari eksport hajmining bir qismini ichki bozorga yo‘naltirishga qaror qildi.

Chetga eksportga jo‘natiladigan komplektatsiyalar bir qator qo‘shimcha opsiyalarni o‘z ichiga oladi, jumladan: Yevro 5 katalizatorli dvigatel, ERA-GLONASS tizimi, ikkita rangga ega bo‘lgan korpus va boshqalar. Sotuvga chiqariladigan avtomobillar komplektatsiyasiga qarab, kuchaytirilgan dvigatel, karter himoyasi, charm qoplamali rul, qoraytirilgan orqa oyna, qo‘shimcha dinamiklar, yon xavfsizlik yostiqchalari va mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi.

Top