19:44 / 25.01.2021
10809

Toshkent viloyati va poytaxt chegarasidagi nizoli hudud: Kadastr agentligi xulosa berdi, deputat bu xulosadan shubhada

Kun.uz 2020 yil 20 noyabr kuni «Toshkent viloyati va poytaxt o‘rtasida 1,1 gektar yer «talash» bo‘lyapti. Sud soxta hujjatga asosan qaror chiqargan» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada Toshkent halqa aylanma yo‘li bo‘yida joylashgan 1,1 gektar yer maydonining 2018 yil holatida Toshkent viloyati yoki poytaxtga kirishi masalasi ochiq qolayotgani, Toshkent shahar ma'muriy sudi Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan soxta xatga asosan ushbu hududni Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qarashli deb topgani haqida so‘z yuritilgandi.

Shundan so‘ng, Kadastr agentligi bu maqolaga munosabat bildirib, ziddiyatli holatni atroflicha o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganini bildirgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, ishchi guruhning holatni o‘rganish yakunlari bo‘yicha ma'lumotnomasi 7 dekabr kuni Sergeli tumani prokuraturasiga yuborilgan. Unda bir qator e'tiborli masalalar tilga olingan.

Jumladan, «FFT» MChJga ajratib berilgan 274-konturda ajratilgan yer maydoni bilan 276, 277-konturlari yonma-yon joylashgani, «FFT» MChJ tomonidan 276-konturning 0,15 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, fuqaro M.A. tomonidan esa o‘ziga ajratilgan 274, 275-konturlardagi 0,69 gektar maydondan tashqari, qarorda ko‘rsatilmagan 276-konturdagi 0,16 gektar yer maydonida, jami 0,85 gektar yer maydonida qurilish kilingani ma'lum qilingan.

Shuningdek, Senatning 2017 yil 27 iyuldagi KQ-211-III-sonli karorining 1- va 3-ilovalaridagi chegara tavsifi va chegaralarning chizma shakliga asosan, «MTS» MChJga ajratilgan yer maydonining bir qismi Toshkent viloyati hududida bo‘lgani qayd etilgan.

Kun.uz nizoli masala va Kadastr agentligi taqdim etgan ma'lumotnoma yuzasidan kadastr sohasida uzoq yil faoliyat yuritgan Oliy Majlis deputati Nuriddin Sultonovning fikrlari bilan qiziqdi. Deputatning ma'lum qilishicha, «MTS» MChJga ajratilgan yer maydoni Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 21 fevraldagi «Toshkent shahrining chegaralari to‘g‘risida»gi 83-sonli qarori va Oliy Kengash Rayosatining 1994 yil 16 martdagi 1031-XII-sonli qaroriga asosan, Toshkent shahri hududida bo‘lib kelgan, ammo Kadastr agentligi taqdim etgan ma'lumotnomaga ko‘ra, 2017 yilda nizoli hududning bir qismi Toshkent viloyati hududiga «o‘tib qolyapti».

Nuriddin Sultonov holat shubhali ekanini ta'kidlamoqda.

Chunki, deputatga ko‘ra, biror hudud Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga o‘tadigan bo‘lsa, har yili yanvarda tasdiqlanadigan ma'muriy-hududiy birliklarning yer fondida o‘zgarish kuzatilgan bo‘lishi lozim edi. Ammo 2017 yilda Toshkent viloyatiga bir parcha hudud o‘tib qolgani aytilgan bo‘lsa-da, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining 2018 yil 1 yanvar holatiga tasdiqlangan yer fondida hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.

Ya'ni ushbu hududlar maydoni bir necha yil oldin qanday turgan bo‘lsa, 2018 yilda ham shundayligicha qolgan.

Nuriddin Sultonov bu jumboqli vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida soha mutaxassislari bilan birga joyiga chiqib o‘rganish olib borish rejalashtirilayotganini ma'lum qilib, Kun.uz vakillarini ham bu jarayonda ishtirok etishga taklif qildi.

Avvalgi maqolamizda apellyatsiya sudiga «MTS» MChJ va «FFT» MChJga ajratilgan yerlar boshqa-boshqa joyda joylashgani va ularning sudda taraf bo‘la olmasligi to‘g‘risida Zangiota tuman kadastrining 2020 yil 17 avgustdagi xati taqdim etilgan bo‘lsa-da, sudlov hay'ati buni inobatga olmaganini ta'kidlab o‘tgan edik.

Kadastr agentligi taqdim etgan ma'lumotnoma esa yuqoridagi xatda keltirilgan ma'lumotlar asosli ekanini hamda bu ikki tashkilot sudda nizolasha olmasligini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Biroq negadir apellyatsiya sudi bu holatni inobatga olmagan.

Kun.uz holat bo‘yicha surishtiruvlarini davom ettiradi.

Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.

Top