14:02 / 06.12.2017
9762

«O‘ladi». Xitoy MB «bitkoin vasvasasi» bo‘yicha bayonot berdi

Foto: AFP

Xitoy Markaziy banki raisi o‘rinbosari Pan Gunshenning fikricha, bitkoin ertami yoki kechmi, baribir yo‘q bo‘lib ketadi. U Pekinning joriy kuzda kriptovalyutalarga nisbatan qabul qilgan keskin choralaridan afsusda emasligini bildirdi, sababi ularsiz hozirgi bitkoin-ralli Xitoy moliya tizimi uchun vayronakor oqibatlarga olib kelgan bo‘lardi, deb yozmoqda Quartz.

Pan Gunshen bitkoin kursining keskin oshishi va Xitoy hukumatining taqiqlov choralari haqidagi o‘z fikrlarini Shanghayda moliya forumining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirib o‘tdi. Sentyabrda mahalliy aholi uchun ICO va kriptovalyutalar ayirboshlash bo‘yicha xizmatlarni taqiqlashga doir qabul qilingan qaror haqida to‘xtalib o‘tib, Xitoy MB raisi o‘rinbosari ularni to‘g‘ri, deb hisoblashini ma'lum qildi. «Xitoy qachonlardir bitkoin bozorida yetakchi bo‘lgan: biz bu valyuta bo‘yicha jahon savdosining 90 foiziga egalik qilganmiz, - deydi u. – Agarda biz o‘shanda bu cheklovlarni joriy qilmaganimizda, hozir nimalar ro‘y berishi mumkinligini tasavvur qilishga ham qo‘rqaman. Men bu haqda o‘ylar ekanman, qo‘rquvga tushaman».

Gunshen fransiyalik iqtisodchi Erik Pishening maqolasiga tayangan, unda iqtisodchi bitkoinni XVII asrdagi «lolalar vasvasasi» va 2000-yillar boshidagi «dotkomlar pufagi» bilan taqqoslaydi. Pishening taxmin qilishicha, bitkoin yirik hakerlik hujumi va o‘g‘irlik, blokcheyn-tarmog‘ining buzilib kirilishi yoki yirik davlatlar hukumatlari tomonidan kollektiv taqiq tufayli yo‘q bo‘lib ketadi. Gunshen o‘z nutqi yakunida Pishening so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Bizga Keyns o‘rgatganidek, bozor siz o‘ylaganingizdan ham ko‘proq vaqt davomida irratsional qolishi mumkin, va sizda to‘lov qobiliyati bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar uzoqroq turadi». «Sohilbo‘yida o‘tirib, bitkoinning jasadi oqib o‘tishini kutib o‘tirish kerak, xolos», - dedi Gunshen xitoyliklar orasida mashhur bo‘lgan iborani biroz o‘zgartirib.

Xitoy hukumati aksariyat aholi ishtirok etadigan turli olibsotarlik bozorlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi. Biroq, rasmiy birjalarda kriptovalyutalarni sotib olish-sotish hamda ICO o‘tkazishga qo‘yilgan taqiqdan so‘ng, xitoyliklar bitkoinning «qora» bozoriga o‘tishdi, Xitoy kriptobirjalari esa o‘z xizmatlarini xorijiy investorlarga taklif eta boshladi. Ehtimol, hukumat yanada keskinroq choralarni ko‘rishi kerak bo‘ladi. Pekin o‘z hududida mayningni va kriptovalyutalarning istalgan aylanmasini taqiqlamoqchi ekani haqida mish-mishlar yuribdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning din ishlari boshqarmasi bitkoinni islom g‘oyalariga zid deb tan oldi. Bu uning chayqovchilik xususiyati bilan bog‘langan. 

Top