12:50 / 03.12.2019
2
22969

O‘zbekistonda yangi kodeks ishlab chiqiladi

2020 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan tegishli qarori loyihasiga ko‘ra, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks ishlab chiqiladi. Kodeks loyihasini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 4 oktyabrdagi PQ–4473-son qarorining 8-bandida belgilangan.

Qayd etilishicha, kodeks loyihasini ishlab chiqish ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va shakllangan milliy huquqni qo‘llash amaliyoti asosida nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni kodlashtirish va tizimlashtirishga yo‘naltirilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul ijrochilar - Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar. 

Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2020 yil 1 fevral, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2020 yil 1 mart.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top