21:31 / 27.07.2019
58294

Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari qattiq ogohlantirildi, kompensatsiya to‘lanmagan joylarni buzish to‘xtatiladi

Bugun, 27 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida hududlarni obodonlashtirish, arxitektura qiyofasini yaxshilash ishlarini amalga oshirishda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan turar va noturar joylarni buzish ishlarini tashkil etishda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tdi. Prezidentning tadbirkorlarning mol-mulki daxlsizligi va uni buzish hamda ularga zarar yetkazish qat'iy taqiqlanishi bo‘yicha bergan topshiriqlarini buzgani uchun Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Donayev, tuman prokurori Jamshid Xalilov, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayevning xatti-harakatlari keskin tanqid qilindi va ular egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Mansur Tuymayev o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev va shahar prokurori Davlatovga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hayfsan e'lon qilindi.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun qattiq ogohlantirildi.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev

Bosh vazir turar va noturar joy obektlarining buzilishi bilan bog‘liq masalalar shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nazoratida ekanini ta'kidladi.

Bugundan boshlab buzish masalalari bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Ya'ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari buzilishi rejalashtirilgan hududni oldindan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishadi.

Shuningdek, yig‘ilishda qator vazirliklarga bir qator topshiriqlar berildi. Xususan, Qurilish vazirligi respublika bo‘yicha barcha Bosh rejalarni qayta ko‘rib chiqib, ularni ishlab chiqishda turar va noturar joylar buzilishini minimal darajaga keltirish, Adliya vazirligi turar va noturar joylarni buzish va kompensatsiya to‘lovlarini qoplash bilan bog‘liq mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni qayta xatlovdan o‘tkazib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha hukumatga belgilangan muddatda taklif kiritadi.

Videoselektorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga bugundan boshlab qonunchilik talablariga asosan kompensatsiya to‘lanmagan va oldindan ogohlantirilmagan turar va noturar joylarni buzishni to‘xtatish buyurildi.

Top