08:21 / 18.12.2019
28
171797

Davlat xizmatchilari uchun ish haqi bo‘yicha maxsus yagona tarif setkasi ishlab chiqildi (jadval)

Foto: KUN.UZ

Prezidentning «Davlat xizmatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Hujjatda davlat fuqarolik xizmati joriy etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining ro‘yxatini tasdiqlangan.

Hujjat loyihasiga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Adliya vazirligi davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan va Yagona tarif setkasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan bazaviy lavozim maoshi to‘lash tizimini joriy etadi.

Tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdorini aniqlash uchun tarif koeffitsiyenti qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga (634 880 so‘m) ko‘paytiriladi.

Shuningdek, davlat budjeti hisobidan to‘lanadigan va malaka unvonlari uchun davlat xizmatchilari maoshiga qo‘shimcha ustamalar miqdoriga qarab hisoblanadigan ustamalar ham joriy etiladi.

Bundan tashqari, xodimlarga tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda to‘lanadigan shaxsiy ustama beriladi, ammo u lavozim maoshining 200 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Agar hujjat davlat rahbari tomonidan ma'qullansa va kuchga kirsa, unda Vazirlar Mahkamasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2020 yil 1 avgustga qadar tizimning tatbiq etilishi natijalarini tahlil qilish asosida, prezident Administratsiyasiga barcha davlat organlaridagi davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lash tizimini kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top