17:40 / 09.01.2020
0
40485

Abxaziyada namoyishchilar prezident ma'muriyati binosini qamal qildi

Abxaziya poytaxti Suxumida muxolifat vakillari bo‘lgan namoyishchilar mamlakat prezidenti ma'muriyati binosini qamal qilishdi. Prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan yuzlab kishilar binoga bostirib kirishga urinishgan.

© Sputnik / Tomas Txaytsuk

Abxaziya muxolifati SSSR qulagach Gruziyadan ajralib chiqqan respublika rahbari Raul Xadjimbadan iste'fo talab qilmoqda.

800 nafarga yaqin namoyishchi tongda Abxaziya dramatik teatri binosi oldida to‘plangan va keyin prezident ma'muriyati binosi tomon harakatlangan. Mahalliy vaqt bilan soat 13:00da (Toshkent vaqti bilan soat 15:00) binoni qamal qilish boshlangan.

Ma'muriyat xodimlariga uyiga javob berib yuborilgan.

Namoyishchilar eshiklar va derazalarni sindirishgan hamda ichkariga bostirib kirishga urinishgan.  Shundan so‘ng, politsiya va qo‘riqchilar namoyishchilar bino ichiga kirmasligi uchun kuch ishlatgan. RIA Novosti nashri xabariga ko‘ra, politsiya bilan to‘qnashuvlar oqibatida bir necha kishi jarohatlangan va shifoxonaga olib ketilgan.

Hukumat ro‘y berayotgan hodisalarni davlat to‘ntarishiga urinish deb baholagan, shu bilan birgalikda, namoyishchilarga konstitutsiya doirasida chora ko‘rilishini ma'lum qilgan.

Muxolifat vakillari esa prezident Raul Xadjimbadan iste'foga chiqishni va saylovlar qaytadan o‘tkazilishini talab qilishmoqda. Aks holda mamlakatdagi vaziyat «inqirozli holatga aylanishi» aytilmoqda. 

Ikkinchi turdagi tenglik

Abxaziyada prezidentlik saylovlari 2019 yil sentabr oyi boshida bo‘lib o‘tgandi. Amaldagi prezident Raul Xadjimba 47,39 foiz ovoz olgan va muxolifat partiya nomzodi Alxas Kvitsiniani 1 foizlik farq bilan ortda qoldirgandi — 46,17 foiz. Abxaziyadagi saylovchilar soni 127 ming kishi (ikkinchi turga 65 ming saylovchi kelgan), Xadjimba va Kvitsinia o‘rtasidagi farq atigi 1 ming atrofidagi ovozni tashkil etgan.

Muxolifatchilarni bunday natija qoniqtirmadi. Kvitsinia, uning partiyasi «Amsaxara» va yana sakkizta partiya natijalar noqonuniy deb tan olinishini talab qilishdi, bu da'voga argument sifatida ikkinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzod mutlaq ko‘pchilik saylovchilar ovozini qo‘lga kiritish talab etilishini keltirishdi, Xadjimba esa rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 50 foiz ham ovoz to‘play olmagandi.

Payshanba kuni muxolifat Raul Xadjimbaga murojaatini e'lon qildi, unda prezidentdan vakolatlarini topshirish talabi qo‘yilgan.

Xadjimba 2014 yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lib, Abxaziyaning to‘rtinchi prezidenti sifatida saylangandi. U avvalgi prezidentlar Vladislav Ardzinba va Sergey Bagapshga (ikkisi ham prezidentligi vaqtida kasallikdan vafot etgan) muxolif partiyaga («Abxaziya milliy birligi forumi» partiyasi) rahbarlik qilgan. U 2003-2004 yillarda Abxaziya bosh vaziri, 2005-2009 yillarda Abxaziya vitse-prezidenti bo‘lgan. U 2009-2014 yillarda Abxaziya parlamenti deputati bo‘lgan.

U 2019 yil sentyabridan ikkinchi 5 yillik muhlatga lavozimini bajarish uchun kirishgan, ammo muxolifat vakillari saylov natijalari yuzasidan sudga murojaat qilishgandi. Payshanba kuni Oliy sud da'voni ko‘rib chiqishi kerak edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top