02:50 / 18.04.2018
46036

«Soxta issiqxonalar» deb butun dunyoga sharmanda bo‘lgan Qashqadaryo viloyati hokimi hayfsan oldi

Ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etilayotgani, bu borada ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan qonunbuzarlik va ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilayotgani prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jiddiy tanqid qilinmoqda.

17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot, ta'lim muassasalari xodimlari, talabalar va boshqa ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda Qashqadryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Prezidentimizning viloyatga tashrifi chog‘ida yo‘l qo‘yilgan ko‘zbo‘yamachilikka, shuningdek, bundan buyon hech qachon o‘qituvchilar, shifokorlar, talabalar majburiy mehnatga jalb etilmasligiga va'da berdi. 

«Barcha topshiriqlar tushunarli. Muhtaram Prezidentimizning 13 aprel kungi gaplaridan xulosa chiqardik.

Rostdan ham bizda ko‘zbo‘yamachiliklar bo‘lgan. Biz o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilmaganmiz, faqat issiqxonalarda ko‘zbo‘yamachilik qilingan deb yozishdi», deya  hokim dastlab o‘zi tan olgan faktni inkor qilishga tutindi -  Biz aslida plyonka ostiga ekkandik...»

Ammo uning gapini bosh vazir bo‘lib qo‘yadi: «Eslaringdan chiqarmasliklaring kerak - hozir biz axborot texnologiyalari zamonida yashayapmiz. Hammasini videoga olib, plyonkaning ostida nima bor, nima yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yibdi. Ekilmaganiniyam. Bitta ko‘zbo‘yamachilikni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz!».

Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyati hokimi barcha gaplar tushunarli bo‘lganini aytib, uzr so‘radi va bundan keyin viloyatda ko‘zbo‘yamachilik qilinmasligiga va'da berdi. 

«Endi chuqur xulosa chiqaramiz. Hammasi yuz foiz tushunarli. Jamoatchilik ishlari uchun pullarimiz yetarli. Ijtimoiy soha xodimlari, o‘qituvchilar, talabalar majburiy mehnatga jalb qilinmaydi», degan viloyat hokimi.

Yig‘ilish davomida Zafar Ro‘ziyevga hayfsan e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, «Kun.uz» saytida fevral oyi oxirida Qashqadaryoda qo‘lbola issiqxonalar bilan prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilingani haqida videomaterial e'lon qilingandi.

Keyinroq, prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov bu vaziyat o‘rganilishini ma'lum qilgandi.

«Menimcha, bunday materiallar bo‘rttirilgan ma'lumotlar asosida. Chunki, borgan hududlarimizda ko‘rgan issiqxonalarimiz avvaldan bor issiqxonalardir. Material prezident o‘tadigan yo‘llar yoqalarida vaqtinchalik issiqxonalar qurilgani haqida bo‘lsa kerak. Agar rostdan o‘sha issiqxonalar hozir yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa, buzib tashlangan bo‘lsa, buni aniqlab, tegishli choralar ko‘riladi. Lekin, agar o‘sha issiqxonalar prezident tashrifida qurilgan bo‘lsa ham, ozroq kutish kerak, agar o‘sha issiqxonalarda nimadir ekilgan bo‘lsa, u unib chiqishini kutish kerak», degandi Allamjonov.

Mavzu
Majburiy mehnat
O‘zbekiston hukumati o‘qituvchilar va shifokorlar hokimliklar tomonidan majburiy mehnatga jalb qilib kelingani faktini tan oldi. Bundan buyon prezident tashabbusi bilan majburiy mehnatga qarshi kampaniya olib boriladi.
Barchasi
Top