21:20 / 06.10.2022
38690

“Komilovning chiqishidan keyin biz uchun 1 haftaga iqtisodiy buhron boshlangandi” - Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Kun.uz sayti tashkillashtirgan davra suhbatida sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Ukraina hududiy yaxlitligi bo‘yicha bildirgan fikrlaridan keyin O‘zbekistonga nisbatan iqtisodiy buhron boshlangani haqida gapirdi.

“Abdulaziz Komilovning o‘sha chiqishi O‘zbekistonning eng dadil chiqishi edi. Biroq o‘sha chiqishdan keyin biz uchun 1 hafta iqtisodiy buhron boshlandi. Bilasizmi, O‘zbekistonning shimol tomondan okeanga ochilish yo‘nalishi 1 haftaga maxsus falajlantirildi. Mana shu haqda gapirish kerak.

Qarang, iqtisodiy qaramlik masalasi... Nima uchun O‘zbekiston ehtiyotkor bo‘lishi kerak? O‘zbekiston bugun shunday joylashganki, eksport qilmasa, ya’ni jahon bozoriga chiqmasa, rivojlanish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.

Men buni shu paytgacha ataylab qilingan deb hisoblayman. Ya’ni Afg‘onistondagi notinchlik, bizning Afg‘oniston koridoridan foydalana olmayotganimiz maxsus, sun’iy tashkil qilinayotgan bir masala, konflikt deb hisoblayman.

Haligacha Afg‘oniston koridorini ocholmayotganimiz, shuningdek, Eronning Chobahor portidan ma’lum vaqt foydalandik va oxirgi krizislardan keyin bu masala ham yopildi. Mana shu koridorlar ochilmayapti.

Bu koridorlar ochilmasligi va shimoliy oqimga zarurat muntazam ushlab turilishini kim va nima uchun tashkil qilyapti deb o‘ylaysiz? 

Mana shu jarayonni boshqarayotganlar sizning tashqi axborot resurslari bilan bemalol tez-tez fikrlaringiz o‘zgarib ketishidan manfaatdor emas. 

Xo‘sh, siz o‘z ishlaringizni bemalol amalga oshira olaman deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bo‘lmayapti. Shuning uchun men yuqoridagi gapni aytdim, rivojlanish – to‘siqlarning ustidan o‘tish degani. Bizda esa bu to‘siqlar juda katta, og‘ir. Bu to‘siqlardan o‘zimiz o‘tmasak, boshqa birov o‘tkazib qo‘ymaydi. Bu juda og‘ir”, – degan Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 17 mart kuni Senatdagi chiqishi davomida O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni esa tan olmasligini bildirgandi.

Oradan o‘n ikki kun o‘tib esa Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Komilovning surunkali kasalliklari tufayli Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgani va salomatligini yanada chuqurroq tekshirish zarurati yuzaga kelgani tufayli xorijda davolanayotganini ma’lum qildi.

27 aprel kuni Abdulaziz Komilov prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod qilindi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top