11:56 / 09.10.2019
3
47886

Hokimlarning saylanishi, UNESCO’da qolish va odamlar qanday qozon qaynatayotgani haqida - Erkinjon Turdimov bilan suhbat

Samarqand bu yil har doimgidan ham ko‘proq sayyohlar bilan gavjum bo‘lmoqda. Shaharda sayyohlar oqimi ko‘payishi ularga xizmat ko‘rsatayotgan aholi qatlamining daromadlari keskin oshayotganidan ham bilinadi. Yaqinda mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanayotgan bir samarqandlik bilan gaplashdik. U Rossiyadan qaytib kelgani, sayyohlarning qadami uzilmayotgani uchun endi Rossiyada ishlashning hojati qolmaganini aytdi. Masalan, Registon maydoni atrofida yashaydigan odamlar hovlisining bitta xonasini mehmonxona qilsa, bu kamida o‘z xarajatlarini qoplashga yetarli daromad olib keladi. Ammo Samarqandning imkoniyatlari hozirgidan ancha yuqori. Shaharda turizmni rivojlantirish uchun qanday ishlar qilinmoqda? Sayyohlar faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish bilan cheklanadimi? Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbatda shu kabi savollarga javob oldik.

«Tarixiy qismdagi har qanday qurilish UNESCO bilan bamaslahat qilinadi»

Samarqandning tarixiy qismidagi qurilishlar sabab ko‘hna shahar UNESCO’ning elit ro‘yxatidan chiqib qolishi mumkinligi haqida mish-mishlar ko‘paydi. O‘zbekistonning brendiga aylangan Samarqandning bu ro‘yxatdan chiqishi masalasi esa nafaqat shahar, balki butun mamlakat uchun ahamiyatli hisoblanadi. Bu borada viloyat hokimining fikri bilan qiziqdik.

«O‘zbekiston hukumati, shu jumladan Samarqand ham UNESCO ro‘yxatida qolishni xohlaydi. Bu tashkilot biror shaharni o‘z tarkibiga kiritish uchun yugurmaydi, aksincha davlatlar bu tashkilotga a'zo bo‘lish uchun harakat qilishadi. UNESCO’ga a'zo bo‘lish bizga nima beradi? Bu doimiy sayyohlar oqimini ta'minlaydi. Biror shaharning UNESCO ro‘yxatida turishi bu o‘sha shaharning rasman qadimiy deb tan olinganidan darak beradi.

UNESCO bizga pul beradimi deb so‘rashlari mumkin. Agar to‘g‘ri munosabatlar shakllantirilsa, bu tashkilot kichik loyihalarni moliyalashtirishda ham qatnashadi. Avval bu tashkilot ham bizga qandaydir qarshilik qilmagan, chunki biz uzoq vaqt yarim yopiq bo‘lganmiz. Hozir ham UNESCO hadeganda tekshiruvchilarini yuborib qayerda qanday bino qurilyapti deb surishtirib yurgani yo‘q. Odamlarning o‘zi bu borada xabar bermoqda. Ba'zida aslida bo‘lmagan ishlar ham UNESCO’ga yuborilgan holatlar kuzatildi. Masalan, Namozgoh hududida uylar buzilayotgani haqida tashkilotdan bizga xat keldi, ammo biz u yerda aslida hech qaydan bino buzilmaganini ko‘rsatib, vaziyatni to‘g‘rilaganmiz.

Biz Samarqand shahrini borligicha saqlab qolishimiz kerak. Shaharning tarixiy qismida baland uylar qurilmasligi prezidentimiz tomonidan ham aytildi. Shaharning tarixiy qismidagi har qanday qurilishlar faqat UNESCO bilan hamkorlikda qilinadi. Bu tashkilot bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatilganini ta'kidlashim kerak. Shuningdek, tarixiy qismdagi qurilishlar borasida mahalliy aholiga ham doimiy xabar berib boriladi».

«Yiliga 510 ming sayyoh kelishi kutilyapti, ammo bu kam»

Samarqandga kelayotgan sayyohlar o‘rtacha 2 kun qolayotgani va ular kuniga 100 AQSh dollari miqdorida xarajat qilayotgani haqida statistika e'lon qilingandi. Viloyat hokimligi bu ko‘rsatkichlarni ko‘tarish uchun nimalar qilayotgani bilan ham qiziqdik. Turdimov Gruziya kabi kichik mamlakatga yiliga 8 million sayyoh kelishi misolida Samarqandning imkoniyatlari juda katta ekani haqida gapirdi.

«Bilasizmi, biz sayyohlar oqimi ortishi uchun nima qilishimiz kerak? Samarqandni boricha saqlab qolishimiz kerak. Agar menda juda katta pul bo‘lsa, yangi Nyu-Yorkni yoki Burj-Xalifani qurishim mumkin, ammo har qancha pulim ko‘p bo‘lsa ham, Registonni qura olmayman. Bu tarix, uni hech kim qura olmaydi. Biz mana shu binolarni boricha saqlab qolishimiz kerak.

Bizdan shunchaki sayyohlarga qulay sharoit yaratib berish talab qilinadi. Hozir 80ta mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoni berilgan. Hukumat darajasidagi bu o‘zgarishlar esa sayyohlar oqimining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan yil Samarqandga yil bo‘yi 380 ming nafar sayyoh kelgan, bu 2017 yilgiga qaraganda ikki barobar ko‘p degani. Bu yil kelgan sayyohlar soni esa 510 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Ammo bu ham Samarqand uchun kam.

Gruziyaning 4 million aholisi bor va bu mamlakat yiliga 8 million sayyohni qabul qiladi. Samarqandda ham shuncha aholi bor va biz ham sayyohlar oqimini ko‘paytirishimiz kerak. Shuning uchun turistik zona qurilishini boshladik. Chunki sayyohlar faqat tarixiy binolarni ko‘rish bilan cheklanmaydi-ku, to‘g‘rimi? Ularning kechki hayotni ham mazmunli o‘tkazishlari uchun harakat qilishimiz kerak».

«Odamlar qanday qozon qaynatayotganini har bir rahbar bilishi kerak»

Erkinjon Turdimovdan xalqning qanday yashayotgani, odamlar qanday qozon qaynatayotgani haqida kimdan ma'lumot olishini so‘radik. Suhbatdoshimizning aytishicha, yordamchilari olib kelayotgan ma'lumotlar uchinchi manba, shu tufayli bunday ma'lumotlarni rahbar o‘zi olishi kerak.

«Albatta, xalqning qanday qozon qaynatayotgani bilan har qanday rahbar qiziqishi kerak. Rahbar ko‘proq xalq orasida yurishi, xalqning qozonida nima bor, muzlatkichida nima bor, muzlatkichi bormi o‘zi, degan savollarga javobi bo‘lishi kerak. Har bir mahallaga borganda oldindan tayyorlab qo‘yilgan uylar bo‘ladi. Ularga kirib yurishdan esa ma'ni yo‘q.

Yaqinda Paxtachiga bordik. U yerda bir ayolning xonadoniga kirdik, uyini uy deb bo‘lmaydi, yonida esa dang‘illama hovli... Yana tabaqalanish paydo bo‘layotgani unchalik yoqimli holat emas. Faqat qishloqlarda emas, shaharda ham qiyin ahvolda yashaydiganlar ko‘p. Biz ana o‘sha odamlar qanday yashayotganini bilishimiz kerak.

Xodimlarimiz bizga yaxshi tomonlarni ko‘rsatishga urinadi. Masalan, siz ham, men ham boshlig‘imizga yaxshi narsalarni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Yana takrorlayman, biz fuqarolarning individual muammolarini emas, tizimli muammolarni hal qilishga e'tibor berishimiz kerak».

«Hokimning o‘ziga qolsa, uni tayinlab qo‘yishgani yaxshi, ammo...»

Suhbatdoshimizdan hokimlarning saylanishi qanchalik adolatni bo‘lishi haqida so‘radik. Turdimov hokimlarning saylanishi amaliyotiga qo‘shilishini bildirdi.

«Hokimning o‘ziga qolsa, uni birov tayinlab qo‘ygani yaxshi, ammo saylangani adolatliroq. Tayinlangan odam uni tayinlaganlarga, masalan Vazirlar Mahkamasiga yaxshi ko‘rinish uchun ularning topshiriqlarini bajaradi, saylangan odam esa uni saylagan xalqning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Menimcha, hokimlarning saylanishi adolatliroq bo‘ladi».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top