14:50 / 03.11.2019
1
10354

Samarqandda ilk marta xayriya yarimmarafoni o‘tkazildi

Samarqand shahrida «Samarkand half marathon» xayriya yarimmarafoni ilk bor tashkillashtirildi. Unda 23 davlatdan tashrif buyurgan mingdan ortiq sportchilar, O‘zbekistondagi tashkilotlar xodimlari ishtirok etishdi.

Musobaqa Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Islom Karimov ko‘chasida tashkil etilgan ochilish tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov chiqish qilib, musobaqa ahamiyati haqida gapirib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilashdi.

Xayriya yarimmarafoni 2 km, 10 km va 21,1 km masofalarda o‘tkazildi. Marafonda sportchilar bilan bir qatorda senatorlar, deputatlar, ishbilarmonlar, hokimlik vakillari, jurnalistlar va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar hamda shunchaki sport ixlosmandlari qatnashishdi. Marafonda ishtirok etgan ayollar o‘rtasida eng yoshi ulug‘ sportchi 72 yoshli Amegulsim Musilmanova, erkaklar o‘rtasida esa 74 yoshli Gelman Qosimov bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqada Nurxon Muhiddinova g‘olib chiqdi. Erkaklar o‘rtasida esa surxondaryolik sportchi Shohrux Davlatov marraga birinchi keldi.

10 km masofaga o‘tkazilgan yugurish musobaqasida qozog‘istonlik Dmitriy Ivanchukov birinchi, o‘zbekistonlik Yevgeniy Fadeyev ikkinchi, qog‘og‘istonlik Mixail Krassilov uchinchi bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida ham qozog‘istonlik sportchi Tatyana Neroznak marrani birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. O‘zbekistonlik Zarnigor Xudoyberdiyeva va Marina Xmelevskaya sovrindorlar qatoridan joy olishdi.

O‘z muxbirimiz 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top