09:32 / 13.10.2020
12037

Sardobadagi toshqindan keyin evakuatsiya qilinganlarning 2 mingdan ortig‘i hamon Jizzax hududida yashamoqda

May oyida Sirdaryoning texnogen falokatdan talafot ko‘rgan hududlaridan evakuatsiya qilinganlarning 9,3 mingdan ortig‘i hamon uyiga qaytolmagan.

Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga «Sardoba» suv omboridagi texnogen vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralarining tezkor nazorati xususida ma'lumot taqdim etdi.

May oyida «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat oqibatida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 11ta mahallada (28ta aholi punkti) yashovchi 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingandi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunga qadar 80 ming 64 nafar (89,5 foiz) aholi yashash manzillariga qaytarilgan, qolgan 9386 nafari evakuatsiya qilingan joylarida yashamoqda.

Shundan, Sirdaryo viloyatining tuman-shaharlarida – 7308 nafar (919 nafari 10ta muassasalarda va 6389 nafari xonadonlarda), Jizzax viloyatining tuman-shaharlarida – 2078 nafar aholi xonadonlarda yashamoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, shu yil 1 may kuni tongida Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘lgandi. Suv toshqini oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetgan, binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘lgandi. Uchta tumandan jami 90 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingandi.
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top