11:21 / 29.03.2021
31882

«Uzbekistan airways» yuklar uchun alohida haq olmoqda. Kompaniya buni yangi tizimga o‘tish deya izohladi

28 martdan boshlab “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi xizmatidan foydalanuvchi yo‘lovchilar kutilmagan yangilikka duch keldi. Ulardan bagaj uchun alohida haq (o‘rtacha 10 AQSh dollari) undirila boshlangan.

Jumladan, 29 mart kuni Toshkent mahalliy aeroporti orqali safarga chiqqan Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov ana shu holatga duch kelgan:

“O‘zbekistonlik yo‘lovchilar, chet ellik mehmonlar bu yangilikdan kichik shok holatiga tushdi. Chunki bundan mutlaqo hamma bexabar bo‘lgan. Yangilikka ko‘ra, yuk uchun oldingiday chiptaga kiritilgan umumiy og‘irlikka ko‘ra emas, bittadan tashqari har bir bagajga alohida haq olinar ekan. Bundan, tabiiyki, hamma norozi bo‘ldi, e'tirozlar bildirildi. “Uzbekistan airways” balki qaysidir platformasi orqali bu yangilik haqida xabar bergandir, ammo chipta sotilganda ogohlantirilmagani uyatli holat deb hisoblayman. Chunki yonida puli bo‘lmaganlar endi yuklarini tashlab ketishiga to‘g‘ri keladimi? Qolaversa, bu yangilikka shu yerga kelib duch kelgan yo‘lovchilarga tushuntirish ishlari ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, an'anaviy qo‘pollik hukm surmoqda”, deydi muxbir aeroportdan turib.

“Uzbekistan airways” AJ o‘zining rasmiy sahifasida bu holatni quyidagicha izohlagan:

“Hurmatli yo‘lovchilar! Muhim ma'lumot:

2021 yilning 28 martidan “Uzbekistan airways” AJ o‘zining O‘zbekiston-Istanbul/Dubay/Sharja va orqaga qaytish yo‘nalishlaridan tashqari barcha yo‘nalishlarda “Piece Concept” (bagajlar soniga ko‘ra) tartibi bo‘yicha olib o‘tiladigan bagaj me'yorlarini kiritmoqda. Shunga ko‘ra, “Piece Concept” olib o‘tiladigan bagaj me'yorlari amal qiladi:

  • Xizmat ko‘rsatishning biznes klassi — uch o‘lchov summasi bo‘yicha 32 kg.dan oshmagan va gabariti 158 sm.dan oshmagan og‘irlikdagi 1 ro‘yxatga olingan bagaj, (INF) o‘rni berilmagan chaqaloq uchun uch o‘lchov summasi bo‘yicha 10 kg.dan oshmagan va gabariti 115 sm.dan oshmagan 1 ro‘yxatga olingan bagaj;
  • Xizmat ko‘rsatishning ekonom klassi — uch o‘lchov summasi bo‘yicha 23 kg.dan oshmagan va gabariti 158 sm.dan oshmagan og‘irlikdagi 1 ro‘yxatga olingan bagaj, (INF) o‘rni berilmagan chaqaloq uchun uch o‘lchov summasi bo‘yicha 10 kg.dan oshmagan va gabariti 115 sm.dan oshmagan 1 ro‘yxatga olingan bagaj;
  • Ekonom klassi uchun qo‘l yuki — 1 bagaj uchun 8 kg, biznes klassi uchun – 1 bagaj uchun 10 kg. Qo‘l yuki o‘lchami uch o‘lchov summasi bo‘yicha 115 sm.dan oshmasligi lozim.

Istisno holatlar:

  • O‘zbekiston – Istanbul/Dubay/Sharja va orqaga qaytish yo‘nalishlarida olib o‘tiladigan bagaj me'yori “Weight Concept” tartibi bo‘yicha amal qiladi. Shu bilan birga, Istanbul/Dubay/Sharjaga/dan bo‘lgan o‘tuvchi xalqaro yo‘nalishlarda olib o‘tiladigan bagaj me'yori PC bo‘yicha qo‘llaniladi (istisno O‘zbekistonning shaharlariga/dan – Istanbul/Dubay/Sharja va orqaga qaytish o‘tuvchi yo‘nalishlarida olib o‘tiladigan bagaj me'yori “Weight Concept” tartibi bo‘yicha qo‘llaniladi);
  • Nyu-York va Pekin uchun olib o‘tiladigan bagaj me'yori o‘zgarishlarsiz qoladi (istisno Toshkent — Nyu-York va orqaga qaytish yo‘nalishida 2021 yil 28 martdan sotuv uchun qaytarilmaslik sharti bilan ekonom klassi tariflari bo‘yicha 23 kg.dan ortiq bo‘lmagan 1 PC olib o‘tiladigan bagaj me'yori belgilanadi);
  • Chiptani sotib olishda albatta tariflarni qo‘llash shartlari va qoidalari bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz”.

Xo‘sh, oddiy til bilan tushuntirganda “Piece Concept” va “Weight Concept” usullari o‘zi nima?

  • Agar sizning chiptangizda Piece Concept nazarda tutilgan bo‘lsa, chiptada ko‘rsatilgan yuk og‘irligi 20 kg vaznni tashkil qilsa, ammo u ikkiga bo‘lingan holda (deylik, 15+5 kg) bo‘lsa, ikkinchi 5 kg.lik alohida bagaj uchun alohida haq (bu o‘rinda 10 AQSh dollari) to‘laysiz;
  • Bordi-yu, chiptangizda Weight Concept usuli nazarda tutilgan bo‘lsa, unda belgilangan yuk vazni (misol tariqasida 30 kg)dan ortiq har bir kilogramm uchun aviakompaniya belgilagan tariflar bo‘yicha haq to‘laysiz.

Ta'kidlash joiz, bu ikki uslub dunyoning turli aviakompaniyalarida turlicha parametrlarga ko‘ra qo‘llaniladi.

Top