08:23 / 11.05.2019
8976

Davlat dasturining nechta bandi o‘z vaqtida bajarilmadi?

“Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining amalga oshirilishini tizimli monitoring qilib bormoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida 1-chorak yakunlari bo‘yicha ma'lumot taqdim etilgan edi.

O‘z navbatida, mas'ul tashkilotlar tomonidan Davlat dasturining 4 oylik ijrosi holati to‘g‘risidagi ma'lumotlar umumlashtirilib, tahlil qilindi, deya xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, joriy yil davomida jami 274 ta bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 117 ta bandning ijro muddati 2019 yilning yanvar–aprel oylariga to‘g‘ri keladi. 

Amalga oshirilgan monitoring natijalariga (2019 yilning 1 may holatiga) ko‘ra Davlat dasturining 61 ta band (52,1 foizi) ijro etilgan, ya'ni normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, chora-tadbirlar rejasi va dasturlar mutasaddi idoralar tomonidan tasdiqlangan. 45 ta band (37,4 foizi) bo‘yicha hujjatlar loyihalari mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, normativ hujjatlarni qabul qiluvchi sub'yektlarga kiritilgan.

Jumladan, Toshkent shahrida “Tashkent Law Spring” birinchi xalqaro yuridik forumini o‘tkazish (47-band), “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish (68-band), Jahon bankining “Biznesni yuritish” reytingidagi 2020 yil yakuni bo‘yicha barcha yo‘nalishlarda O‘zbekistonning o‘rnini tubdan yaxshilash choralarini ko‘rish (69-band), Yuridik shaxslar haqidagi ma'lumotlarni internet orqali olish tizimini yaratish (74-band), Uy-joy mulkdorlari shirkatlarida ma'muriy xarajatlarni kamaytirish uchun professional boshqaruv kompaniyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash (175-band), Turizmning yangi turlarini rivojlantirish va mavsumiylik omili ta'sirini kamaytirish maqsadida ishbilarmonlik turizmini (“MICE”) rivojlantirish (198-band) va boshqa qator chora-tadbirlar o‘z vaqtida bajarilgan.

Shunga qaramay, Davlat dasturining 11 ta bandi (9,4 foizi) o‘z vaqtida bajarilmagan. Xususan, Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va uning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish (64-band), Davlat tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmini va uning narxini belgilash amaliyotini butunlay qayta ko‘rib chiqib, bozor tamoyillarini joriy etish (87-band) bo‘yicha hujjat loyihalari o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar bajarilmagan.

Top