09:12 / 09.09.2021
11468

Alisher Qodirovning saylovoldi dasturidagi 3 ta g‘oya “Adolat” partiyasidan ko‘chirilgani aytilmoqda

Ayni kunlarda prezidentlikka nomzodlar Alisher Qodirov va Bahrom Abduhalimov o‘rtasida bahsli vaziyat yuzaga kelgan. Bu sudlarni birlashtirish, jazoni ijro etish muassasalari Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkazilishi va Tergov qo‘mitasini tashkil etish tashabbuslari “Adolat” va “Milliy tiklanish” partiyalari rahbarlari saylovoldi dasturida bir xil shaklda ekani bilan bog‘liq.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov jurnalistlarga bergan intervyusida “Milliy tiklanish” partiyasi ularning 3 ta tashabbusini ko‘chirib olganini aytdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. Ma'lum qilinishicha, partiya saytida bunga raddiya ham berilgan.

“Bu masala bilan biz ko‘p yillardan beri shug‘ullanamiz. “Milliy tiklanish” partiyasi birinchi chiqdi va e'lon qildi, degan gap noto‘g‘ri. Sababi bu 3 ta tashabbus (sudlarni birlashtirish, JIEM Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkazilishi, Tergov qo‘mitasini tashkil etish – tahr.) “Adolat” SDPning 2019 yildagi dasturida bor.

Bahrom Abduhalimov

“Milliy tiklanish”ning munosabatidan keyin biz masalani qayta o‘rgandik. Aniqlanishicha, bu masalalar “Adolat” dasturida o‘sha paytda ham bo‘lgan. Lekin “Milliy tiklanish”niki bu shaklda bo‘lmagan. Endi hozir saytdagiga ishora qilinyapti. Shu nuqtayi nazardan biz chiqargan maqolamizni to‘g‘ri deb hisoblaymiz.

Undan tashqari, agar shak-shubha bo‘lsa, ekspert guruhini tuzamiz. Mana jurnalistlar guvohligida: kim haq, kim nohaq ekanini aniqlab olamiz. Yozgan maqolamizdagi faktlardan orqaga qaytmaymiz. Uni yozayotgan davrimizda ham tekshirdik. Kelinglar, shu masalani ekspert guruhini shakllantiramiz-da, hal qilamiz”, dedi partiya rahbari 8 sentyabr kuni “Adolat” SDP qurultoyidan so‘ng OAV vakillari bilan suhbatda.

Shuningdek, jurnalistlardan birining Alisher Qodirov bilan sizning o‘rtangizda debat bo‘lib o‘tishini kutsak bo‘ladimi, degan savoliga Bahrom Abduhalimov: “Debatni hamma bilan kutish mumkin. Shu jumladan, Alisher Qodirov bilan ham”, – deya javob berdi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top