08:58 / 22.01.2021
12776

Kollejlar tizimi to‘lig‘icha Mehnat vazirligiga o‘tkaziladi – Prezident

21 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro safarini boshladi. Olot tumanida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari asosiy e'tiborni ishsizlikni bartaraf etishga qaratdi.

Foto: KUN.UZ

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, yig‘ilish davomida davlat rahbari yangi qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Barcha kollejlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi. O‘zi kollejlarning joyi shu vazirlikda, oliy ta'limda emas. Sababi, vazir Nozim Husanov kollejlarga aniq buyurtmalar shakllantirib beradi. Kollejlar esa har bir hududlarga zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlaydi.

Masalan, hozirgi kunda payvandchilarga talab katta. Ana shunday kasbni kollejlar tizimida o‘rgatib, sertifikat ham beriladi. Hunar o‘rgangandan keyin chet elga borsa ham ishi yurishaveradi. Bundan tashqari, avtomobillar ta'mirlovchi, sartarosh, etikdo‘z kabi o‘nlab hunarlar bor. Mana, ishsizlik, temir daftarni tugatish bo‘yicha aniq reja.

Monomarkazlarni, mahallalarni shu kollejlarga biriktiringlar. Bu masalani atroflicha o‘rganib, qaror tayyorlanglar”, – deya mutasaddilarga topshiriq berdi prezident.

Top