15:20 / 31.10.2019
2
11113

«Berk doiradan chiqib ketolmayapman» - hazorasplik ayol otameros yer masalasida sarson bo‘lmoqda

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yashovchi Xosiyat Matkarimova otasidan qolgan merosga egalik huquqini ololmay, bir necha yillardan beri sarson bo‘lib yuribdi. Shuningdek, bu joyni noqonuniy egallab olib, o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxslar dastidan aziyat chekmoqda.

54 yoshli ayol bu muammo bo‘yicha Kun.uz tahririyatidan yordam so‘rab, murojaat qildi.

Xosiyat Matkarimova turmushidan erta ajralib, bir o‘g‘lini yolg‘iz tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Kelini Rossiyada fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumganidan so‘ng qaramog‘ida ikki nabirasi qolgan. O‘g‘li yil bo‘yi Rossiyada ishlayapti. Xosiyat opa deyarli 30 yildan beri o‘qituvchilik qiladi. Ayni paytda akasiga tegishli bo‘lgan, Pitnak qishlog‘i, «Sayapir» mahallasi, Paxtazor ko‘chasidagi uyda nabiralari bilan yashayapti.

2004 yilda Xosiyat opaning otasi Bozor Matkarimov vafot etib, o‘ziga tegishli bo‘lgan eski uyni unga meros qilib qoldirgan. Bu haqda notarius tomonidan tasdiqlangan vasiyatnoma bor. Ammo Xosiyat Matkarimova bu hujjatga asosan uyni o‘z nomiga vaqtida rasmiylashtirib, egalik huquqini olmagan. Bunga huquqiy bilimsizligi sabab bo‘lganini, bugungi kunda bu xatosi o‘ziga pand berayotganini afsuslanib tan olmoqda.

2016 yilda Xosiyat Matkarimova eski uyni buzib, o‘rnida yangisini qurish uchun Hazorasp tumani hokimligidan rasmiy ruxsat oladi.

«Eski uyning o‘rnida yangisini qurish uchun ruxsat oldim. Keyin buzib, yerni tekislatdim, yangisini qurish uchun tayyor holatga keltirib qo‘ydim. Biroq, yo‘qligimdan foydalanib, kimdir menga tegishli bo‘lgan hududda qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Keyin bilsam, qo‘shnim Orzigul Ismoilova ekan. Hokimlikka borib arz qilganimdan so‘ng, prokuratura, soliq idoralari xodimlari kelib, noqonuniy qurilishni to‘xtatishni talab qilishdi. Ammo hech kim ularning gapiga quloq solmadi, qurilish ishlari to‘xtamadi», - deydi Xosiyat opa.

Murojaatni o‘rganish jarayonida ma'lum bo‘ldiki, Orzigul Ismoilova Hazorasp tumani hokimligiga ariza bilan murojaat qilib, shu joyga egalik huquqi haqidagi qarorni chiqartirib olishga harakat qiladi. Tuman arxitektura bo‘limi esa mahalla fuqarolar yig‘ini bayonnomasiga asoslanib, bu haqda hokimlikka taqdimnoma beradi.

2016 yil 11 sentabr kuni o‘tkazilgan mahalla fuqarolar yig‘ini majlisi bayonnomasiga ko‘ra, unda Orzigul Ismoilovaning tog‘asi Saparboy Ismoilov so‘zga chiqib, Orzigulning uyi o‘sha paytda Bozor Matkarimovning uyi bilan almashtirilganini iddao qilgani, uning gaplarga tayanib, yig‘ilish Xosiyat Matkarimovaga tegishli bo‘lgan uyni Orzigul Ismoilovaniki ekani haqida qaror qabul qilgani yozilgan.

Qizig‘i shundaki, bu yig‘ilishda «so‘zlagan» Saparboy Ismoilov 2011 yilda, majlis o‘tkazilishidan 5 yil oldin vafot etgan edi. Qanday qilib marhum majlisda ishtirok etib, gapirishi mumkin? Buni bilmaymiz, ammo bu haqdagi bayonnoma qo‘limizda bor. Muhim hujjat qalbakilashtirilishi natijasida davlat idorasiga noto‘g‘ri ma'lumot berilib, boshqa bir fuqaroning manfaatlariga zid qaror qabul qilinishi mumkin edi. Ammo bu o‘z vaqtida aniqlanib, tuman hokimligi bunday qarorni chiqarmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, Orzigul Ismoilova qo‘shnisiga tegishli bo‘lgan 238 kv.m. yer maydonida o‘zboshimchalik bilan uy qurib olgan. Bugungi kunda bu imoratda boshqa bir oila yashamoqda.

2018 yil 24 sentyabrda Bog‘ot tumanlararo sudi bu nizo yuzasidan Xosiyat Matkarimovaning da'vosini qanoatlantirib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish haqida qaror chiqaradi. Ammo 2018 yil 8 noyabrda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati apellyatsiya sudi Xosiyat Matkarimovada bu yerga nisbatan egalik huquqi yo‘qligini aniqlab, Bog‘ot tumanlararo sudi qarorini bekor qiladi. 2019 yil 22 may kuni Oliy sud bu qarorni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Shundan so‘ng Xosiyat Matkarimova bu yerga bo‘lgan egalik huquqini olish uchun harakat qilayotganini, ammo Hazorasp tumani hokimligiga qilgan murojaatlari samarasiz bo‘layotganidan shikoyat qildi.

«Egalik huquqini berishlarini so‘rab Hazorasp tumani hokimligiga murojaat qildim. Ammo bu hududda nizoli bino borligini aytib, sudga murojaat qilishimni tushuntirishdi. Sud esa egalik huquqim yo‘qligi bois, da'vo arizamni qanoatlantirmayapti. Oldin egalik huquqini chiqartirib olishimni talab qilmoqda. Mana shunday yopiq doiradan chiqib ketolmayapman», - dedi Xosiyat Matkarimova.

Hazorasp tumani hokimligi yuristkonsulti Sultonboy Jumaniyazovdan bu masala bo‘yicha izoh oldik.

«Xosiyat Matkarimova bilan bog‘liq bu vaziyatdan xabardormiz. Bu nizo bo‘yicha bir qancha sudlar bo‘ldi, qarorlar chiqqan. Unga egalik huquqini berish masalasi? Xosiyat Matkarimovadan barcha hujjatlarni taqdim qilishni so‘raymiz. So‘ngra unga egalik huquqini berish masalasi «Uy-joy, arxitektura, shaharsozlik qonun normalariga rioya qilinishini nazorat qilish» komissiyasida ko‘rib chiqiladi. Zarur hujjatlarni tayyorlash va taqdim qilish bo‘yicha huquqiy maslahat berishga tayyormiz», - dedi Sultonboy Jumaniyazov.

Ko‘p yillik mojaroning qisqacha bayoni shunday. Kun.uz vaziyatni kuzatib boradi.

Qonunga ko‘ra, fuqaroda yer uchastkasiga egalik huquqini olish uchun asoslantiruvchi hujjatlar bo‘lsa, u yerda o‘zga shaxslar tomonidan qanday imorat qurilganidan qat'i nazar, unga egalik huquqi berilmasligiga asos bo‘lolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasida o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmasligi, uni tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emasligi, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da'vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Qissadan hissa chiqaradigan bo‘lsak, hamyurtlarimizga uy-joy, yer uchastkalari bilan bog‘liq masalalarga e'tiborsizlik qilmaslikni, barcha hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirib qo‘yishni tavsiya qilgan bo‘lardik. Bugungi kunda fuqarolik va ma'muriy sudlarda ko‘rilayotgan ishlarning aksariyat qismi aynan uy-joy va yer uchastkalari bo‘yicha kelib chiqayotgan nizolar bilan bog‘liq. Ularning hal qilinishi bir necha yilga cho‘zilishi, ancha vaqt va mablag‘ talab qilishi mumkin.  

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top