18:57 / 20.03.2021
8720

Sahrodagi 678,2 mln dollarlik IES qanday ishlaydi? 

O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan 17-18 mart kunlari Qoraqalpog‘istondagi «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasiga ikki kunlik press-tur tashkil etildi. Unda mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi. Press-turning birinchi kuni OAV vakillari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi. 

Stansiyaning 2 ta yangi bug‘-gaz qurilmasi Janubiy Koreyaning «Hyundai Engineering» va «Hyundai Engineering & Construction» kompaniyalari konsorsiumi tomonidan o‘rnatilgan.

Pudratchi tomonidan qurilish-montaj ishlari 100 foizga bajarilgan bo‘lib, o‘rnatilgan uskunalar Amerikaning «GE» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

«Taxiatosh» IES direktori Faxriddin Xalillayevning aytishicha: «Agar ilgari 1 kVt/soat elektroenergiyani ishlab chiqish uchun 430 gr gaz sarflangan bo‘lsa, ayni vaqtda yangi texnologiyalar tufayli sarflanayotgan gaz miqdori 250 gr ni tashkil etmoqda» (gazning qariyb 40 %i tejab qolinmoqda).

Press-tur davomida «Taxiatosh» IES bug‘-gaz qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha katta ustasi Qudrat Abdullayev stansiya qanday ishlashi, yangi va eski stansiyadagi farqli jihatlar, shuningdek Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlanishi borasidagi savollarga batafsil javob berdi.

Loyihaning umumiy qiymati 678,2 mln AQSh dollarini tashkil qiladi. Shundan:

  • 300 mln AQSh dollari Osiyo taraqqiyot bankining investitsiya mablag‘lari;
  • 230,7 mln AQSh dollari O‘zbekiston «Tiklanish va taraqqiyot» jamg‘armasining kredit mablag‘lari;
  • 27,3 mln AQSh dollari «O‘zbekenergo» mablag‘lari;
  • 120,2 mln AQSh dollari O‘zbekistonning loyihani qo‘llab-quvvatlashdagi ulushi hisoblanadi.

IESning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, yangi joriy etilayotgan ikkita bug‘-gaz qurilmasining ishga tushishi bilan stansiyaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘ladi:

  • stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 730 MVt dan 1000 MVt gacha oshadi;
  • yillik ishlab chiqariladigan elektr energiya miqdori 3,0 mlrd kVt soatdan 3,6 mlrd kVt soatgacha oshadi;
  • 1 kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘i miqdori 170,36 gr/kVt soatga kamayadi. Bu bilan bir yilda 488,6 mln m3 tabiiy gaz tejalishiga erishiladi;
  • yillik suv sarfi 293 mln m³ga kamayadi va yiliga 159 mln m³ni tashkil qiladi;
  • azot oksidi chiqindisi 3,5 barobar kamayadi;
  • atmosferaga chiqadigan yalpi chiqindilar 5,1 barobar, yiliga 3056,674 tonnaga kamayadi;
  • IES chiqindilari bilan atmosferani ifloslantirish darajasi 3,2 barobar kamayadi;
  • asosiy parnik gazi - SO2 chiqindilari yiliga 972216,22 tonnaga qisqaradi;
  • parrakli gradirnyada sovitiladigan texnik suv ta'minotining aylanma tizimini qo‘llash hisobiga, Suuyenli kanaliga tashlanadigan termal suvlari qisqaradi.
  • qo‘shimcha yangi ish joylari tashkil etilib, 100 ta ishchi va xizmatchilar ish bilan ta'minlanadi.

Ayni paytda stansiyadagi ikkita bug‘-gaz qurilmasining birini to‘liq mahalliy muhandislar boshqarmoqda. Ikkinchi qurilma esa test rejimida xorijlik ekspertlar nazorati ostida ishlamoqda.

Kun.uz muxbiri Shuhrat Saidahmadov
Montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid
Top