22:23 / 03.05.2018
5048

O‘zbekistonda "Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi" ko‘krak nishoni ta'sis etiladi

Foto: screenshot

O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida 2018 yilning 3 may kuni Vazirlar Mahkamasining 332-sonli qarori imzolandi. Unga muvofiq O‘zbekistonda "Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi" ko‘krak nishoni ta'sis etiladi. 

Ko‘krak nishoni bilan Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari hamda jahon, Osiyo chempionatlarida va boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilarning murabbiylari, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali, yetuk jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari taqdirlanishadi. 

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi mumkin. 

"Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi" ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalari tayyorlanishi "Davlat belgisi" davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ta'minlanadi. 

Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X.Isroilov zimmasiga yuklatildi. 

Mavzuga oid
Top