09:20 / 17.11.2019
2
82279

Hasanboy Do‘smatov professional boksdagi faoliyatini nokaut bilan boshladi (video)

2016 yilgi Rio olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov professional boksdagi faoliyatini muvaffaqiyatli boshladi.

2016 yilgi Rio olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov professional boksdagi faoliyatini muvaffaqiyatli boshladi.

Professional boksning birinchi o‘ta yengil (-48,99 kg) vazn toifasida meksikalik Xesus Servantes Vilyanuevaga (9-8, 5 KO) qarshi debyut jangini o‘tkazgan Hasanboy Do‘smatov (1-0, 1 KO) muddatidan oldin g‘alaba qozondi.

Meksikada bo‘lib o‘tgan boks oqshomi doirasida ringga chiqqan Do‘smatov 6 raundga mo‘ljallangan jangning ikkinchi raundida kuchli zarba bilan mezbon bokschini polga qulatdi va hakam jangni to‘xtatdi.

Hasanboy Do‘smatov professional ringga o‘tishi haqida xabarlar shu yilning iyulida tarqalgandi. U boshqa ko‘plab o‘zbekistonlik bokschilar qatori «Mir boksa» promouterlik kompaniyasi (Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov va Bektemir Meliqo‘ziyev) bilan kelishuv tuzgan. 

Avvaliga u 30 noyabr kuni Monakodagi boks oqshomida debyut qilishi xabar qilingandi, keyinroq u 10 noyabr kuni Xitoyning Fujou shahrida bo‘lib o‘tadigan boks oqshomida o‘zining debyut jangini o‘tkazishi, unga xitoylik De Bin Ju (3-1-1, 2 KO) raqib bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi. 16 noyabr oqshomida ham u meksikalik boshqa bir bokschi David Martinezga (8-3, 1 KO) qarshi ringga ko‘tarilishi kutilgandi, ammo so‘nggi pallada uning raqibi o‘zgardi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top