19:26 / 02.11.2021
8868

Yiliga 200 million tup ko‘chat ekishni reja qilganmiz – prezident

Bundan buyon, ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas'ul bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e'lon qilinishini ma'lum qildi.

«Shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida «Yashil makon» umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlaymiz.

Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirishni reja qilganmiz.

Bunda, loyihani amalga oshirish uchun zarur tashkiliy choralar, texnikalar, irrigatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma bilan ta'minlash, daraxtlarni parvarish qilish hamda moliyaviy manbalar kabi masalalar hal qilib beriladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu umummilliy loyihani amalga oshirish bo‘yicha yangi tashkiliy tizim joriy qilinadi.

«Bunda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerak. Ushbu ekish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish uchun, birinchi navbatda mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlar hududining egasi tuman (shahar) hokimi qarori bilan belgilab beriladi.

Biriktirilgan mas'ullar mavjud daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod holda saqlash uchun ham javob beradi.

Shu maqsadda, bugundan boshlab 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e'lon qilinadi», degan davlat rahbari.

Top