21:12 / 05.12.2020
15690

Vazir va senator ikki qutbda: prufriding xizmatiga pul sarflash o‘zini oqlaydimi?

Prufriding (Proofreading) – olimlar maqolasini xorijiy ilmiy nashrlarda chop etishni oshirishga qaratilgan xizmat. Ushbu xizmat so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston ilm-faniga ham joriy etilmoqda.

O‘zFA Matematika instituti direktori, senator Shavkat Ayupovning fikricha, prufriding xizmatiga ko‘p pul sarflash noo‘rin. U bunday servisni ilmiy sohadagi natijalarni «sun'iy oshirishga urinish» deb hisoblamoqda.

O‘z navbatida, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu xizmatdan dunyo miqyosida foydalanilishi, shu yo‘l bilan o‘zbek olimlari erishgan natijalarni xalqaro miqyosga olib chiqish mumkinligini ta'kidladi.

Senator Shavkat Ayupov Senat qo‘mitasining noyabr oyidagi yig‘ilishida ushbu mavzuga to‘xtalgan edi.

Shavkat Ayupov

«Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mahalliy olimlarning xorijiy ilmiy nashrlardagi maqolalari sonini keskin oshirishga qaratilgan prufriding-servis xizmatini rivojlantirish deb yozilgan bandi bor. Vazirlik Buyuk Britaniyaning «Springer Nature» nashriyoti bilan 100 ming dollarlik shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, nashriyot o‘zbekistonlik olimlarning ilmiy maqolalarini xalqaro indekslangan, nufuzli ilmiy jurnallarda chop etish bo‘yicha ushbu xizmatni amalga oshiradi.

Bu nima degani? Prufriding-servis tayyor maqolani tahrir qilib beradi faqat. Mazmuni va ilmiy saviyasini ko‘tarib bera olmaydi. Masalan, shu yilning o‘zida 310 ta maqola o‘rganib chiqilgan. Undan 27 tasigina saralab olinib, nashriyotga yuborish lozim topilgan. Undan bor-yo‘g‘i 16 tasi nashr qilingan.

Sababi, prufriding – bu korrekturani o‘qish degan narsa xolos. Shuning uchun men o‘ylaymanki, undan ko‘ra ko‘proq ilmiy tomoniga e'tibor berilishi kerak. Shuncha mablag‘ ketkazib, chet elda chiqarishni sun'iy ko‘tarish kerak emas», – dedi Shavkat Ayupov Senat qo‘mitasining noyabr oyidagi yig‘ilishida.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Shavkat Ayupovning yuqoridagi fikrlariga qo‘shilmasligini bildirdi.

kxJcU_KH9Mt76YBpKmffQQbocM8wXA5t.jpg (1000×563)
Ibrohim Abdurahmonov

Vazirning aytishicha, maqola yozgan olimning ilmi va maqolasining mazmuni salmoqli bo‘lsa-da, ingliz tili qoidalariga to‘la javob bermasa, u chop etilmaydi.

«Bu servisning yo‘lga qo‘yilishi maqolalarni chet elda chiqarishni sun'iy ko‘tarish uchun emas. Ilmiy maqolalardagi eng katta muammo shuki, ular olimni ilmi yuqori bo‘lsa ham, zo‘r texnologiya yaratgan bo‘lsa ham, agar ingliz tilida texnik jihatdan to‘g‘ri yozilmagan bo‘lsa, bu avtomat tarzda jurnallarda chop etilishdan mahrum bo‘ladi va jurnal muharrirlari uni o‘qib ham o‘tirmaydi.

Albatta, ilm va mazmun kerak. Lekin maqola mazmunini ingliz tilida to‘g‘ri yozib bera olmaganidan keyin, bu juda katta muammolarga olib keladi. Bu bo‘yicha ko‘pchilikning imkoniyati yo‘q. Chunki ona tilisi ingliz tili bo‘lmagan odam texnik ingliz tilida yoza olmaydi va yuqori darajali jurnallar bu narsani qabul qilmaydi. Zo‘r texnologiya va maqolalarimiz shuning uchun qolib ketadi.

Men bir nechta jurnallarda muharrirman. Asosiy muammoni men ko‘raman. O‘zining ona tilisi ingliz tili bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlardan kelayotgan maqolalar qanchalik ilmiy asoslangan bo‘lmasin, tili noto‘g‘ri bo‘lgani uchun, texnik ingliz tilida yozilmagani uchun qolib ketadi.

Dunyoda qancha jurnal bo‘lsa, formati ham shuncha turli. Maqola formati to‘g‘ri bo‘lmagani uchun ham ko‘p maqolalar qaytib ketadi va vaqtida chiqmaydi. Shuning uchun ham butun dunyoda prufriding servisi bor.

Masalan, Xitoyni oladigan bo‘lsak, har bir maqolaga alohida prufriding xizmatlaridan foydalanish keng ommalashgan: ba'zi olimlari ingliz tilida u darajada yoza olmaydi, lekin maqolalari eng katta jurnallarda chiqadi. Sababi o‘sha nufuzli jurnal darajasiga tushadigan ingliz tilisi ona tili bo‘lgan odamlar bu maqolalarni qaytadan tahrir qilib, mazmunini chiqarib va texnik sifatini yaxshilab beradi. Shuning uchun ham yuqori-yuqori jurnallarga tushadi.

Bu (prufriding) maqolalar sonini sun'iy oshirish emas. Bu – olimlarga yordam berish. 310ta maqola keltirilibdi. Lekin 310 ta maqolaning hammasi yaxshi bo‘lmagan. U shundayki, maqolani xalqaro reytingdagi jurnallar guruhidan iborat olimlar tekshiradi. Albatta, uning statistikasi, jadvallari to‘g‘ri qo‘yilganmi, o‘sha jurnalda nechta jadval bo‘lishi kerak, nechta rasm va uning formati qanaqa bo‘lishi va boshqa jihatlari hisobga olinadi. Shuning uchun 310 ta maqolaning hammasini bera olmadik. Berib ham bo‘lmaydi.

Olimlar ichida maqolani ingliz tilida yoza olmagani uchun o‘zbek tilida yozib beradiganlari ham bor. Agar hurmatli Ayupov domla matematika fanida qiynalmayotgan bo‘lsalar, ayniqsa bu biologiya, kimyo fanlarida qiyin. Matematika tili asosan raqam va formulalar.

Biz ingliz tilini ona tilisidek o‘rgatadigan tizim qila olmaymiz va olimlarimizni bunga majbur qilish ham shart emas. Majbursan, ingliz tilida o‘zing yozib qilasan, degan narsa yo‘q. Ular chiroyli qilib o‘zbek tilida yozsa, hozir til masalasi bu servis degani.

O‘zbek tilida chiroyli bayon qilib, ilmining ma'nosini chiqarib berib, keyin buning tarjimasini qilib, texnik tahrir qilib, marhamat, dunyo tan olgan tilda nashr qilishimiz mumkin bo‘ladi.

Mening bitta shaxsiy qarashim bor. Mamlakatda hammani ingliz tilini biladigan qilib bo‘lmaydi. Maqola yozish, ilmning o‘zigina emas, bu – san'at. Purufriding – ilmning sifatini tushirish degani emas, sifatli matn shakllantirishga yordam beradigan xizmat. Ilm sifati boshqa narsa, bu boshqa narsa», sifatsiz ilm yo‘q maqolani sifatli matnga aylantirib bo‘lmaydi, aksincha sifatsiz yozilgan olamshumul ilmiy natija tan olinmasdan qolib ketaveradi-prufriding shuni bartaraf qilishga qaratilgan– deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Eslatib o‘tamiz, innovatsion rivojlanish vaziri ilm-fanda prufriding servislar xizmatidan foydalanila boshlashi haqida 2019 yil iyunida ma'lum qilib, bu nega kerakligini tushuntirgan edi.

Mavzuga oid
Top