21:02 / 08.09.2021
24641

Ayrim maktablarga 1-sinflarga atalgan Prezident sovg‘asi yetib bormadi

O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab maktablarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar “Birinchi qo‘ng‘iroq” kunida Prezident sovg‘alarini ola olmadi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

6 sentabr, dushanba kuni O‘zbekistonning 10 083 ta umumta'lim maktabida an'anaviy shaklda darslar boshlandi. Bu yil maktablarning 1-sinfiga 600 mingga yaqin bola qabul qilindi.

Xalq ta'limi vazirligi axborotida ularga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi va darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgani aytiladi, biroq rasmiy xabarda barcha o‘quvchilar ham Prezident sovg‘asini ololmagani haqida yozilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-maktabda 1-sinf o‘quvchilari o‘quv yilining ilk kuninini Prezident sovg‘asisiz boshlashgani haqidagi surat tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, respublikaning boshqa hududlarida ham shunday holat kuzatilgan.

Kun.uz turli hududlarda suhbatlashgan fuqarolar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda izoh yozib qoldirgan ota-onalar o‘quv qurollari to‘liq tarkibda emasligini aytdi.

To‘plamlarda rangli qalamlar, penal va darsliklar yo‘qligi, kley qotib qolganidan u bilan hech narsani yopishtirib bo‘lmasligi aytilmoqda. Ayrim holatlarda o‘quv qurollari hali yetib kelmagani bois bolalarga faqat darslikning o‘zini tarqatishga to‘g‘ri kelgan.

Xalq ta'limi vazirligi holatga quyidagicha izoh berdi.

“Afsuski, pandemiya yangi o‘quv yili boshlanishining so‘nggi kunigacha ba'zi ota-onalar tomonidan farzandlarining hujjatlarini topshirishini kechiktirdi, shu bilan birga, ba'zi yetkazib beruvchilarning kechikishiga ham olib keldi. Bu esa o‘z-o‘zidan sovg‘alarni hisob-kitob qilishda va to‘liq qilib yetkazishda muammolarni yuzaga keltirdi.

Xalq ta'limi vazirligi ota-onalardan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va tez kunda sovg‘alar har bir bolaga yetib borishi ta'minlanishini ma'lum qiladi. Sovg‘alar ichidagi ba'zi yetmay qolgan o‘quv qurollari joyiga qaytadan yetkazilib, tarqatiladi.

Bir hafta davomida mazkur holat to‘liq inventarizatsiya qilib chiqiladi, agar shundan so‘ng ham farzandingizga sovg‘a yoki darslik yetib bormasa, Xalq ta'limi vazirligining (71) 202-09-09 ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz so‘raladi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Tartibga ko‘ra, Prezident sovg‘asi tarkibidagi papka, o‘quv qurollarini yetkazib berish uchun har o‘quv yili boshlanishi arafasida tender o‘tkaziladi. Bu tenderni Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi “O‘quv ta'lim-ta'minot” DUK o‘tkazadi.

Kun.uz tenderda qatnashgan “Nurxamkor-Plyus” XK va “Tyan-Shan Sport Jihozlari” MJCh korxonalariga yuridik xizmat ko‘rsatuvchi yurist Ne'mat Sherdonayev bilan suhbatlashdi.

“Bu yilgi tender 3 bosqichda, may-iyun oylarida o‘tkazildi. Unda 50 ga yaqin korxonalar qatnashdi. Ajablanarlisi, tender oxiriga yetmasdan yirik korxonalar birin-ketin tenderdan chiqib keta boshladi. Bu sohada tajribasi kam yoki umuman bo‘lmagan kichik firmalar g‘olib bo‘ldi. Avvaliga hech narsaga tushunmadik. Menda va tenderda qatnashgan boshqa korxona vakillarida, tabiiyki, savollar tug‘ildi. Nima sababdan bu firmalarga ishonilyapti?

Shaffoflikni nazorat qiluvchi komissiya a'zolariga savollarimiz borligini aytdik. Ammo “O‘quv ta'lim-ta'minot” DUK vakillari tender xolis o‘tayotgani tender o‘tayotgan xonadagi nazorat kameralari orqali nazorat qilib turilganini aytishdi. Ammo kamera ortida kim nazoratga olayotganini bizga aytib berisholmadi. Monopoliyaga qarshi qurashish qo‘mitasi vakili va Xalq ta'limi vazirligining Moliya bo‘limidan hech kim yo‘q edi. Demak, tenderni o‘tkazayotgan “O‘quv ta'lim-ta'minot” DUKni hech kim nazorat qilmayapti, deya taxmin qilish mumkin.

Biz kabi yirik korxonalarni turli asossiz sabablar bilan tenderdan chetlashtirishdi. Shu tariqa tenderda kichik korxonalar g‘olib bo‘ldi. Ularga tartib bo‘yicha buyurtma summasining 15 foizi oldindan to‘lab berildi. 15-20 kun ichida buyurtmani yetkazib berish talabi qo‘yiladi. Tabiiyki, ular buyurtmani o‘z vaqtida bajara olishmadi. Chunki ular ishonchli emas, sohada ko‘p yillik tajribasi yo‘q. Qaysi asosga ko‘ra bunday korxonalarga shunday mas'uliyat yuklandi?

Ijtimoiy tarmoqda ota-onalar noroziligi holatning ijobiy emasligini tasdiqlab turibdi. Ba'zi hududlarga Prezident sovg‘asi umuman yetib bormagan, borlari ham sifatsiz, ayrim o‘quv qurollari umuman yetkazib berilmagan.

Eng qizig‘i shundaki, tenderdan o‘tgan kichik sexlar vakillari buyurtmani bajara olishmagani uchun “O‘quv ta'lim-ta'minot” DUK bizga yordam so‘rab murojaat qilishyapti. Sababini so‘rasak, kichik korxonalar umumiy buyurtma summasining 15 foizini olib, keyin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib qolayotgani, buyurtma bajarilmayotganini aytishdi”, – deydi korxona huquqshunosi.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi viloyatda 1-sinfga borgan o‘quvchilarning yarmidan ko‘piga prezident sovg‘asi berilmaganini ma'lum qilgandi.

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri

Top