21:51 / 16.09.2021
44538

Grin-karta yutib, Amerikaga keta olmayotgan o‘zbekistonliklar masalasi nima bo‘ladi? AQSh elchixonasi javob berdi

Dunyo bo‘ylab grin-karta lotereyasining minglab g‘oliblari AQSh hukumatiga qarshi sudga da'vo kiritayotgani, jumladan, 2019, 2020 va 2021 yilgi DV Lottery dasturi g‘oliblari bo‘lgan 350 nafar o‘zbekistonlik AQSh hukumati bilan sudlashayotgani haqida xabar berilgandi.

Maqolada AQShning Toshkentdagi elchixonasi pandemiya tufayli hali normal viza amaliyotiga qaytmagani, holbuki, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda bu jarayon allaqachon tiklangani ta'kidlangan, shuningdek, ushbu mavzu bilan bog‘liq qator muammoli vaziyatlarga e'tibor qaratilgandi.

Mavzuni o‘rganish paytida tug‘ilgan qator savollar bilan AQShning Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilgan edik. Elchixonaning konsullik bo‘limi Kun.uz tahririyatining savollariga javoblarini taqdim etdi.

– AQShning O‘zbekistondagi elchixonasida koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan cheklovlar bekor qilinganmi? Elchixona faoliyati to‘liq cheklanganmi?

– AQShning Toshkentdagi elchixonasi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib, mijozlarning xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rmoqda. Xodimlarimiz va mijozlarimizning salomatligi hamda xavfsizligi biz uchun ustuvor masala bo‘lib qolaveradi. AQSh elchixonasi ishlashda, AQSh hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xizmat ko‘rsatishda, shu jumladan, viza xizmatlarini ko‘rsatishda davom etadi.

– Ayni paytda konsullik tomonidan talabgorlarga qaysi turdagi vizalar taqdim etish tiklangan? Joriy yilning 8 oyida elchixona tomonidan qancha miqdorda va qanday turdagi vizalar berildi?

– AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari va rezidentlariga viza xizmatlari ko‘rsatishni davom ettirmoqda. Konsullik bo‘limi O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlardagi oilalarning imkon qadar tezroq birlashishini ta'minlash maqsadida qonuniy domiy rezidentlar (grin-karta egalari) hamda AQSh fuqarolarining oila a'zolari uchun immigratsion vizalar berishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Immigratsion vizalarning aksariyat turlari elchixonada qayta ishlanmoqda, lekin imkoniyatlarimiz cheklangan. Havo hamda dengiz ekipajlari, sarmoyadorlar, almashinuv dasturi bo‘yicha tashrif buyuruvchilar, talabalar, shuningdek, H1-B ixtisoslik kasblari bo‘yicha arizalarning mualliflari noimmigratsion vizalarni olishlari mumkin.

– 2019, 2020 va 2021 yilda DV lottery g‘olibi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga qachon viza berilishi kutilmoqda?

– DV dasturi doirasida qat'iy talablarga javob beradigan shaxslarga har yili cheklangan miqdordagi vizalar taqdim etiladi. DV dasturida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish va ariza berish bepul. G‘olib sifatida tasodifiy tanlanish immigratsion viza olishni yoki suhbatga chaqirilishni kafolatlamaydi. Tanlov shuni anglatadiki, agar sizning raqamingiz ma'lumotlarni yakuniy qayta ishlash uchun yaroqli bo‘lsa, siz ariza berish hamda DV olish huquqiga ega bo‘lasiz.

DV dasturining barcha g‘oliblari moliyaviy yil so‘ngiga qadar viza olish huquqiga ega. Masalan, DV-2019 dasturi muddati 2019 yilning 30 sentyabrida, ya'ni moliyaviy yil oxirida yakuniga yetgan. Xuddi shuningdek, DV-2020 hamda DV-2021 dasturlarining muddati ham moliyaviy yil yakunida nihoyalanadi.

– 2019 yilgi lotereyada g‘olib bo‘lgan, suhbatdan o‘tgan, ammo viza ololmagan shaxslarga viza beriladimi yoki ularning imkoniyatlari kuyib ketdimi?

– DV lotereyasining barcha g‘oliblari viza olish huquqiga ega va ular vizalarini moliyaviy yil yakuniga qadar olishlari shart. DV dasturida qatnashish talablari, viza g‘oliblarini tanlash jarayoni to‘g‘risidagi ma'lumotlar AQSh Davlat departamentining veb saytida mavjud.

– O‘zbekistonda karantin choralari yumshatilgani, kasallanish ko‘rsatkichlari ancha kamayganiga qaramay nima uchun AQSh elchixonasi grin-karta g‘oliblari nima uchun suhbatga chaqirmayapti? Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi grin-karta g‘oliblari allaqachon viza olishgani holda nima uchun o‘zbekistonliklar masalasi bu qadar cho‘zib kelinmoqda?

– AQShning Toshkentdagi elchixonasi immigrantlar bilan bir qatorda noimmigrant sayohatchilarning AQShga qonuniy sayohatlarini osonlashtirish bilan bog‘liq asosiy vazifalariga sodiqdir. COVID-19 pandemiyasi elchixonaning vizalarni rasmiylashtirish imkoniyatlarining keskin pasayishiga olib keldi va Davlat departamentining tegishli ko‘rsatmasiga binoan AQShning Toshkentdagi elchixonasi Qo‘shma Shtatlar fuqarolarining oila a'zolari va qonuniy doimiy rezidentlari uchun immigratsion vizalar berishni birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Pandemiya tufayli immigratsion viza olish uchun murojaat qilgan shaxslarning ko‘pchiligi arizalarini ko‘rib chiqish jarayoni uzoq vaqt davomida kechikishi bilan to‘qnashmoqda. Bolalar, er-xotinlar, kelin-kuyovlarni birlashtirish va ba'zi talabgorlarga beriladigan maxsus immigratsion vizalar bizning eng oliy va ustuvor vazifamizdir. Oilalarni birlashtirish xuddi O‘zbekistonda bo‘lgani kabi AQShda ham hamjamiyatlarning rivoji va farovonligiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, har bir immigratsion vizaga murojaat etuvchi uchun zarur tibbiy ko‘riklarni tayinlash va o‘tkazish uchun tashqi hamkorlarimizning, masalan, tibbiy xizmatlarni ko‘rsatuvchilarning resurslari bilan bog‘liqligi bois immigratsion vizalarni ko‘rib chiqish imkoniyatlari cheklangan.

– 2020 yili o‘tkazilgan DV lottery g‘oliblari 2020 yilning 30 sentyabrigacha viza olishmasa, grin-karta g‘olibligi bekor qilinadimi?

– DV-2020 dasturi uchun arizalar muddati 2020 yilning 30 sentyabrida yakuniga yetdi. DV-2021 dasturi bo‘yicha tanlab olinganlar 2021 moliyaviy yilida suhbatga chaqirilishi mumkin, bu muddat 30 sentyabrda tugaydi. Ushbu ariza beruvchilar (DV-2020 hamda DV-2021 dasturlarida g‘olib deb topilgan, biroq suhbatga chaqirilmagan, elchixonadan immigratsion viza ololmagan shaxslar – tahr.) Diversity Visa dasturida qaytadan qatnashishlari mumkin. Tanlov tasodifiy bo‘lib [ularning avvalgi dasturlarda g‘olib deb topilgani], kelgusi ishtiroklariga ta'sir qilmaydi.

AQSh Kolumbiya okrugi sudining DV-2021 dasturi g‘oliblari haqidagi 2021 yil 9 centyabrda chiqargan qaroridan xabardormiz. Ushbu qarorga muvofiq, elchixona o‘z resurslari hamda COVID-19 pandemiyasi davridagi cheklovlarni hisobga olgan holda qonun talablarida belgilangan tartibda DV-viza talabgorlarining arizalarini ko‘rib chiqadi. Sud Davlat departamentiga DV-2021 dasturi bo‘yicha arizalarga boshqa viza talabnomalariga nisbatan ustunlik berish, sudga Departamentga qarshi da'vo kiritgan DV-2021 dasturi g‘oliblarining arizalariga ustuvorlik berish bo‘yicha hech qanday majburiyat yuklagani yo‘q. Agar elchixonada DV ishini rejalashtirish imkoniyati bo‘lsa, ariza beruvchilarga elektron pochta orqali Davlat departamenti saytidan o‘zining maqomini tekshirib ko‘rish so‘ralgan ogohlantirish yuboradi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan operatsion cheklovlar natijasida yuzaga kelgan viza xizmatlariga yuqori talabni qondirish ustida ishlamoqda. Elchixona O‘zbekistondagi «Turli millat vakillari uchun immigratsiyaviy viza dasturi»ga bo‘lgan qiziqishni e'tirof etadi va qadrlaydi hamda konsullik bo‘limi ayni paytdagi va kelgusi viza arizalarini ko‘rib chiqish uchun vijdonan harakat qiladi.

16 sentyabr kuni Kun.uz’ga murojaat qilgan bir qancha o‘zbekistonlik DV-2021 dasturi g‘oliblarini viza suhbatlariga chaqirish jarayoni boshlanganini aytishmoqda. Suhbatga chaqirilgan yurtdoshlarimiz elektron pochta orqali AQSh elchixonasidan xat olishgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Telegramdagi rasmiy sahifasida 2021 yilning oktabr oyidan boshlab elchixona konsullik bo‘limi faqat O‘zbekiston fuqarolari va rezidentlari uchun cheklangan suhbatga qabul qilishni boshlashi, diplomatik vizalar bilan bir qatorda faqat F, J, H, O, P, L, C1D, I, R viza murojaatlarini qabul qilishi, ayni paytda odatiy B1B2 biznes va sayyohlik vizalari uchun talabgorlar suhbatga chaqirilmasligini ma'lum qildi.

Shu bilan birga, elchixona konsullik bo‘limi shoshilinch murojaatlarni qabul qilishda davom etadi. «Agar sizda tibbiy yoki favqulodda vaziyat bo‘lsa, iltimos, mailto:consulartashkent@state.govconsulartashkent@state.gov elektron manziliga vaziyatingizning qisqacha mazmuni va hujjatlaringizni ilova qilgan holda murojaat qiling. Biz murojaatingizga munosib javob beramiz», deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, advokat Kyortis Morrison dunyoning 141 mamlakatdan 24 ming nafardan ortiq DV lotereyasi g‘oliblari nomidan AQSh hukumatiga qarshi Kolumbiya okrugi sudiga da'vo arizasi kiritgan bo‘lib, shu kunlarda DV-2021 dasturi g‘oliblariga oid sud ishi bo‘yicha yakuniy qaror e'lon qilinishi kutilmoqda. Qolaversa, xuddi shu sud qarori bilan DV-2020 dasturi g‘oliblari uchun 9095 ta viza zaxiraga olingan bo‘lib, ushbu qaror qachondan ijro etilishiga oid qaror chiqarilishi kutilmoqda. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va yana ushbu mavzuga qaytadi.

Top