14:06 / 18.08.2018
61616

Rossiyada O‘zbekistonning ikki fuqarosini o‘ldirib, ko‘mib tashlagan shaxs ushlandi

Rossiyada 2017 yilning oktabrida ikki o‘zbek fuqarosining o‘ldirilishi bilan bog‘liq ish ochildi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasining Baykalorti o‘lkasi bo‘yicha tergov boshqarmasi tergovchilari IIV mintaqaviy boshqarmasi jinoyat qidiruvchi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda, 2017 yilning oktabrida sodir etilgan O‘zbekistonning ikki fuqarosi o‘ldirilishi bilan bog‘liq ishni tergov qilmoqda.

Mahkama ma'lumotlariga ko‘ra, RF Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik bo‘yicha ayblov Nerchinsk tumani qishloqlaridan birida yashovchi 34 yoshli fuqaroga qo‘yildi.

Foto: Rossiya Tergov qo‘mitasi

Ushbu o‘ta jiddiy jinoyatni fosh qilish bo‘yicha ishlar joriy yilning may oyida boshlandi. O‘shanda O‘zbekiston fuqarosi huquq himoyachilariga murojaat qilib, Chita shahrida ikki vatandoshining yo‘qolganligi haqida xabar berdi.

Ikki kishining to‘satdan yo‘q bo‘lib qolgani haqidagi xabar asosida darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, uni tergov qilishga Rossiya Tergov qo‘mitasining tergov boshqarmasi apparati tergovchilari jalb etildi.

Ularning aniqlashicha, o‘tgan yilning oktabr oyida erkaklar uchrashuvga yo‘l olib, qaytib kelishmagan. Tergovchilar politsiyachilar hamkorlikdagi ishi davomida 1984 yilda tug‘ilgan, Nerchinsk tumanida istiqomat qiluvchi shaxs erkaklarning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lishi mumkinligini aniqladilar.

Foto: Rossiya Tergov qo‘mitasi

Dastlabki so‘roq paytidayoq bu shaxs o‘zaro nizo chog‘ida qurbonlarni ov miltig‘idan otib o‘ldirgani, jasadlarni esa jinoyat izlarini yashirish uchun ko‘mib qo‘yganini tan oldi. Ko‘rsatuvlarni tekshirish vaqtida tergovchilar o‘ldirilganlarning jasadini ayblanuvchi ko‘rsatgan joydan topdilar.

Foto: Rossiya Tergov qo‘mitasi

Sud murojaati bilan ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi. Kerakli sud ekspertizalari, shu jumladan sud-tibbiy, DNK ekspertizalari va boshqalar belgilandi.

Ayni paytda jinoyatning barcha tafsilotlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Jinoiy ish bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid
Top