19:47 / 25.01.2023
29262

Qator AYoQShlar Ai-91 (92) markalari ostida Ai-80 benzinini sotgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga yetkazilgan jami zararni 489 mln so‘mga baholadi.

Foto: Getty Images

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoyalash qo‘mitasi o‘tkazilgan o‘rganishlarda yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 markali benzinni Ai-91 yoki Ai-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan.

Shu sababli qo‘mita respublikaning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazdi, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin quyib berish holatlari ham o‘rganilgan.

“Qonunbuzarliklar Samarqand viloyatidagi “Triada express service” MChJ, “Turop Godir” MChJ va “Muxammad neft oil” MChJ kabi yonilg‘i quyish shoxobchalarida aniqlandi.

Sirdaryo viloyatidagi “Said AGSM tex servis ”, “Bekzod-5”, “Murod Maqsad Trans” va “Lux Petrol” MChJlarga qarashli yonilg‘i quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham bunday holatlar kuzatilgan.

Yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik natijasida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda qo‘mita tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Raqobat qo‘mitasi birja auksionlarida xarid qilingan va yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan Ai-80 markali benzin sotilishi tizimli o‘rganib chiqilayotganini ham alohida ta’kidlagan.

“Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etildi”, – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top