17:49 / 05.03.2021
95665

Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgan 16 yoshli yigitning jasadi 2,5 oydan so‘ng topildi

2020 yil 22 dekabr kuni Yozyovon tumanida 16 yoshli bola Katta Farg‘ona kanaliga tushib, oqib ketgan edi. Uning jasadi bugun, 5 mart kuni topildi.

A.A.ning jasadi u cho‘kib ketgan joydan 2–3 km uzoqlikdan topilgan. Bu haqdagi ma'lumotni Yozyovon tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Azimjon Hudoyqulov Kun.uz'ga tasdiqladi.

«Yozyovon tumanining Bo‘tqachi qishlog‘ida yashagan 10-sinf o‘quvchisi A.A. Katta Farg‘ona kanaliga cho‘kib ketgan edi. Ikki tanishi hamrohligida bo‘lgan voyaga yetmagan A.A. o‘tgan yilning 22 dekabr kuni ba'zi sabablarga ko‘ra kiyimlarini yechib, Katta Farg‘ona kanaliga tushgan va cho‘kib ketgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar boshqarmalari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar qutqaruv guruhi tomonidan qutqaruv ishlari olib borilgan. Yigitning jasadi bugun tushdan oldin topildi. Hozirda sud-med tibbiy ekspertizasi olib borilmoqda», – dedi hokimlik vakili Kun.uz bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz voqea tafsilotlarini yoritgan edi. Marhumning qarindoshlaridan birining aytishicha, bolaning ancha sovuq havoda suvga tushishiga do‘stlari bilan garov o‘ynashi sabab bo‘lgan.

Bolaning otasi ikki yillik muhojirlikdan so‘ng, aynan o‘sha kuni Rossiyadan uyiga qaytgan, ammo fojia sabab o‘g‘lini ko‘ra olmagan.

Top