22:36 / 21.02.2020
0
28406

Eronda saylov boshlandi. Tramp qanday qilib natijalarga ta'sir qiladi?

Bugun, 21 fevral kuni Eronda parlament saylovlari boshlandi. Bu mamlakatda odatda saylovlar ko‘p narsani hal qilmaydi deb hisoblashadi, ammo nima bo‘lganda ham bu jarayon xalqning hukumatga nisbatan munosabatini ko‘rsatib beradi.

Ali Xominaiy / Foto: Xominaiy rasmiy sayti / via REUTERS

Inqilobdan keyingi eng murakkab vaqt

Ayni damda Eron siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshdan o‘tkazmoqda. Mamlakatdagi vaziyat 1979 yilgi inqilobdan keyingi eng murakkab holatda. Oxirgi yarim yilda shunchalik ko‘p ishlar bo‘lib ketdiki, parlament saylovlarining natijalariga qiziqish o‘z-o‘zidan ortdi.

Avvaliga odamlar narx-navo, xususan benzin narxi oshganiga norozilik bildirib namoyishga chiqdi. 2019 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan bu namoyishlar shunchalik keng qamrov oldiki, bu 1979 yildagi inqilob tantanasidan keyingi eng katta namoyish edi.

Turli manbalarga ko‘ra, noyabrdagi namoyishlarda bir necha yuzlab, yana ba'zi manbalarda 1,5 ming odam o‘ldirilgani aytiladi.

2020 yil yanvarda esa Eron tarixida o‘zgarish qilgan yana bir voqelik sodir bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy topshirig‘iga ko‘ra, Eron iqlom inqilobi muhofizlari korpusi maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy Bag‘dodda o‘ldirildi. Bu nafaqat Erondagi, balki butun dunyodagi voqealarning «oyog‘ini osmondan» qilib yubordi.

Foto: Arash Khamooshi / The New York Times

Sulaymoniyning qasosini olishga kirishgan Eron AQShning Iroqdagi bazasiga raketa zarbalarini amalga oshirdi. Namoyishlar sabab tarqoqlashib ketish xavfi bo‘lgan mamlakat aynan mana shu voqea sabab birlashdi. Millat Qosim Sulaymoniy janozasiga birlashdi va bu AQSh uchun shunchalik qo‘rqinchli tus oldiki, okeanortida odamlar «Bizni o‘ldirmanglar» degan bannerlar ko‘tarib, tinchlik namoyishlariga chiqishdi. Amerikalik siyosatchilar Eronning qasosidan qo‘rqayotganini yashirishmadi.

Ammo forslarni birlashtirgan bu voqeadan ko‘p o‘tmay voqealar rivojini keskin o‘zgartirgan xato yuz berdi: AQSh bazasiga zarba berayotgan Eron harbiylari «xatolik sabab» Ukraina samolyotini urib tushirishdi.

Oqibatda 176 kishi halok bo‘ldi. Ularning aksari – Eron fuqarolari va Kanada fuqaroligini olgan eronliklar edi. Eron bu ishni xato sabab qilganini rasman tan olgach, Eronda yana namoyishlar boshlandi. Odamlar mamlakatning amaldagi rahbari oyatulloh Ali Xominaiy iste'foga chiqishini talab qilib chiqishdi.

Eronda inqilobdan so‘ng oyatullohning mavqeyi aql bovar qilmas darajada ko‘tarilib ketgan. Rasman Islom Respublikasi deb e'lon qilingan davlatda diniy rahnamoning asosiy boshqaruvchi bo‘lishi tushunarli holat. Mana shunday davlatda oliy diniy rahnamo iste'fosini so‘rab namoyishga chiqishdimi, mamlakat qanday holatda ekanini tasavvur qilavering.

Oyatulloh Ali Xominaiy saylovda ovoz bermoqda. 21 fevral, Tehron
Foto: Reuters

Bu saylovga qanday ta'sir qiladi?

AQSh Qosim Sulaymoniyni o‘ldirganidan so‘ng, yuqorida aytilganidek, Eronda millat birlashdi. So‘nggi vaqtlarda ular asosan qandaydir ijtimoiy muammo atrofida birlashayotgandi, endi butun Eron millat manfaati uchun birlashdi. Ha, Tramp bilib yoki bilmay bu borada Eronga yordam berib yubordi.

Oldingi saylovlarda prezident Hasan Ruhoniy yetakchiligidagi islohotchilar 41 foiz ovoz olib g‘olib bo‘lgandi. O‘shanda konservatorlar 29 foiz ovoz bilan cheklangandi.

Ammo bu gal inqilob muhofizlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan aynan konservatorlar g‘olib bo‘lishi kutilmoqda. Oldingi saylovlarda yadro dasturini ishlab chiqishni qo‘llagan islohotchilar g‘olib bo‘lgandi, hozir esa Eron yadro kelishuvidan chiqib bo‘lgan bir vaqtda (Eron Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganidan 3 kun o‘tib xalqaro yadro kelishuvidan chiqib ketgandi) konservatorlarning keskin g‘oyalari ustunroqdek.

Eron parlamenti / Foto: Vahid Salemi / AP

Odamlar saylovga keladimi?

Saylovning yana bir muhim jihati – odamlarning saylovga kelish davomati. Bu ko‘rsatkich Eronda hech qachon 50 foizdan past bo‘lmagan. Bu Eron hukumati uchun ramziy ma'nodagi o‘ziga xos minimum hisoblanadi (masalan O‘zbekistonda saylovchilarning 33 foizi ovoz berish jarayonida qatnashsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi). Ammo bu yil Eronda davomat tarixdagi eng past ko‘rsatkichni «zabt etishi» ham istisno qilinmayapti.

Parij VII universiteti mutaxassisi Azad Kianning aytishicha, davomat odamlarda siyosatga bo‘lgan ishonch pasaygani sabab past bo‘lishi kutilmoqda.

Saylovda davomat past bo‘lishi hukumat obro‘si pasayganini bildiradi. Bu esa yangi noroziliklar keltirib chiqarishi mumkin. Ammo ko‘rsatkichlar keragidan past bo‘lsa, ularni ko‘paytirib ko‘rsatishni ham istisno qilib bo‘lmaydi.

Erondagi parlament saylovlarida nomzodlar odatdagidek konstitutsiyani himoya qilish muhofizlari Kengashi (tabiiyki oyatulloh rahbarligidagi) tomonidan saralanadi. Bu yopiq jarayon hisoblanadi va hozirgi saylovda yopiqlikka ayniqsa jiddiy e'tibor berildi. Saylovda o‘z nomzodini qo‘yishni xohlagan 14 ming fuqarodan yarmiga saylovga qatnashish huquqi berilmadi. Amaldagi 247 nafar deputatdan Hasan Ruhoniyni qo‘llaydigan 90 nafari saylovga qo‘yilmadi.

«Hech qanday raqobat yo‘q»

Reyter agentligi saylovlar haqida nomi ochiqlanmasligini so‘ragan eronlik amaldor bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, saylovda kim g‘olib bo‘lishi aniq: «Hech qanday poyga yo‘q. Ultrakonservatorlar prezidentlik poygalarida g‘olib bo‘lmoqchi. Bu islohotchilar uchun yakun degani. Kamida 10 yil va undan ortiqroq ham deyavering».

To‘g‘ri, hukumat vakili prezidentlik haqida gapirmoqda, ammo parlament saylovlaridagi natijalar prezidentlik saylovlariga ham ta'sir qiladi. 2004 yilda ham shunga o‘xshagan voqea sodir bo‘lgandi. O‘shanda ham parlament saylovlarida ultrakonservatorlar g‘alaba qozonib, ortidan konservator Mahmud Ahmadinajod g‘olib bo‘lgandi.

Prezident Hasan Ruhoniy. 21 fevral, Tehron
Foto: AFP/HO/Iranian Presidency

Noyabrdagi voqealardan so‘ng impichment yoqasiga kelib qolgan Hasan Ruhoniyning hozirgi pozitsiyasi yaxshi emas. Chunki iqtisodiy kamchiliklar o‘z-o‘zidan prezidentning imijiga ta'sir qiladi.

Jahon banki ma'lumotlarga ko‘ra, Eron iqtisodiyoti 2019 yilda 9 foizga pastlagan. 2020 yilgi prognozlarda mamlakat iqtisodi o‘zgarishsiz qolishi, 2021 yilda esa maksimum 1 foiz o‘sishi taxmin qilingan.

AQSh o‘z qo‘li bilan raqibiga qahramon topib berdi

Trampning Sulaymoniyni o‘ldirish qarori Eron siyosatiga shunchalik jiddiy ta'sir qildiki, Amerika o‘z qo‘li bilan G‘arb siyosatini yoqlay boshlagan eronliklarni o‘zining siyosatiga qarshi bo‘lgan odamlarga aylantirib qo‘ydi. Birgina qotillik Eron xalqini birlashtirdi va konservatorlar odamlarga milliy g‘urur haqida eslatib bu vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin.

Eron keyingi ikki yilda katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Parlament saylovlarida katta ehtimol bilan konservatorlar g‘olib bo‘lib, amaldagi islohotchilar ortga chekinadi. 2021 yilda esa Hasan Ruhoniyning prezidentlik muddati yakunlanadi. Eng asosiy o‘zgarish esa mamlakatning eng oliy minbarida yuz beradi. Tez orada 81 yoshli oyatulloh Ali Xominaiyning ham o‘rinbosari tayinlanishi mumkin...

O‘tkir Jalolxonov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top