21:29 / 04.05.2015
4706

Brent neftining narxi joriy yildagi maksimum qiymatiga erishdi

498490

Kun.uz: Birja savdolari davomida Brent markasidagi neft narxi bir barrel uchun 67,08 dollarga yetdi. Bu 2015 yildagi maksimal ko‘rsatkich bo‘ldi. Bundan Londonning ICE birjasi ma'lumotlari guvohlik bermoqda. Ushbu neft markasi bundan qimmatroq narxda 2014 yilning 10 dekabrida 67,24 dollardan sotilgan edi.

Avvalroq neft narxi oshishi ortida rubl mustahkamlanayotgani qayd etilgandi. Oxirgi savdolarda 1 dollar 51,65 rubl, 1 yevro 57,94 rubl narxda sotilgan. 1 maydan 4 maygacha bayram munosabati bilan Moskva birjasida savdolar o‘tkazilmadi. Rossiya Markaziy banki tomonidan 1 mayga belgilangan kurs bo‘yicha dollar 51,14 rubl, yevro 57,16 rubl qilib belgilandi.

21 aprelda “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov neft narxi o‘zining eng past ko‘rsatkichiga yetganini ma'lum qilgandi.

18 aprel kuni Rossiya Energetika vaziri Aleksandr Novak 2015 yilda bir barrel neft narxi o‘rtacha 60 dollarni tashkil qilib, 2017 yilgacha 70 dollardan oshmasligini aytgan edi.

Rossiyaning 2015 yilga tuzilgan byudjyetida neft narxi 50 dollar qiymatda kiritilgan. Rossiya iqtisodiyot va rivojlanish vazirligining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, agar neft narxi 100 dollargacha oshsa va Rossiyaga qarshi sanksiyalar sekin-asta olinsa, dollar 2018 yilda 40 rubl turishi prognoz qilinmoqda.

xab-3
Top