16:06 / 06.05.2015
2574

O‘zbekistonda uch oyda 17 mingdan ortiq yolg‘iz qariyalar va pensionerlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi

O‘zbekistonda 2015 yilning birinchi choragida 17,5 mingdan ortiq yolg‘iz qariyalar, pensionerlar va nogironlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Yanvar-mart oylarida xayriya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan yolg‘iz pensionerlar va nogironlarga 1 milliard so‘mlikdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

5 mingga yaqin yolg‘iz qariyalar har oy davomida umumiy qiymati 564 million so‘mdan ortiq bo‘lgan oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta'minlandi. 5,5 mingdan ortiq yolg‘iz qariyalar bepul dori vositalari bilan ta'minlandi.

Barcha yolg‘iz pensionerlar va nogironlar dispanserdan o‘tkazildi, yordamga muhtojlariga tegishli sharoitlarda yordam ko‘rsatildi. 200 nafar yolg‘iz qariyalar, pensionerlar va nogironlarning turar-joyi ta'mirdan chiqarilib, yashash sharoitlari yaxshilandi.

Hisobot davrida ehtiyojmand qariyalarga 642ta nogironlik aravachalari, 272ta eshitish uskunalari, 117 juft qo‘ltiqtayoq, 389ta hassa bepul tarqatildi. 1 aprel holatiga 615 nafar urush va mehnat fronti faxriylariga sanatoriylarga yo‘llanma berilgan.

Bundan tashqari, 8,67 ming nafar qariya va nogironlarga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi sanatoriylarida hordiq chiqarish uchun yo‘llanmalar berilgan, 4,65 ming nogiron esa reabilitatsiya markazlarida davolangan.

Top