15:06 / 06.05.2015
2117

O‘zRTXBda 2,01 trillion so‘m hajmda bitimlar tuzildi

Joriy yilning 2 may kuni “O‘zRTXB” AJning boshqaruvining 2015 yilning birinchi chorak yakunlari va ikkinchi chorak vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda markaziy apparat bo‘limlar va hududiy filiallarning boshliqlari ishtirok etdilar. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda joriy yilning birinchi choragida birjaning barcha savdo platformalarida 2,01 trln so‘m hajmda bitimlar tuzilganligi e'tirof etildi. Birja savdolari orqali 1,6 trln so‘mlik tovarlar sotilib, ularning tovar birjasining umumiy tovar aylanmasidagi ulushi, boshqa savdo platformalarida savdo ko‘rsatkichlari o‘sganligi bois, 84,5 foizdan 80,6 foizgacha pasaydi.

Xususan sotuvlar bo‘yicha ijobiy dinamika yarmarka savdolari, hamda davlat va korporativ xaridlar tizimi bo‘yicha qayd etildi. Bunda hisobot davrida yarmarka savdolari eng yuqori o‘sish sur'atlarini namoyon etdi – 32,2 foiz, yoki 231,1 mlrd so‘mgacha.

Ushbu davrda xususiy tadbirkorlarning xomashyo resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengaydi. Bu esa ularning birja, yarmarka va auksion savdolarida faol ishtirok etganligida o‘z tasdig‘ini topmoqda. 2015 yilning birinchi choragida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar sotib olingan bo‘lib, bu 2014 yilning birinchi choragi bilan solishtirganda 25,5 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, ular 401,4 mlrd so‘mlik o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotdilar va ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 46,9 foizga o‘sdi. Birjaning umumiy tovar aylanmasida tadbirkorlar tomonidan tuzilgan bitimlar hajmining ulushi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 58,2 foizdan 75,2 foizgacha o‘sdi. Tadbirkorlik sub'yektlari ishtiroki bilan tuzilgan bitimlarning o‘sishi respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida kuzatildi.

O‘z navbatida, tadbirkorlar tomonidan elektron savdolari orqali sotilgan mahsulotlar hajmini keskin o‘sishi, davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirishda kichik korxonalar salohiyatidan keng foydalanish uchun qo‘llanilayotgan choralar o‘z samarasini berayotganligidan dalolat beradi.

“D-xarid” davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan elektron savdolar hajmi 78,3 mlrd so‘mgacha, yoki 18,6 foizga o‘sdi, byudjyet mablag‘larini tejalishi 22,0 mlrd so‘mni tashkil etdi va bu 2014 yilning mos davriga nisbatan 22,5 foizga ko‘pdir. Kichik biznes sub'yektlarining davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning soni va ularning hajmidan 99 foiz ziyodini tashkil etdi.

“E-xarid” – korporativ xaridlarining hajmi esa 20,1 foizga, ya'ni 80,7 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi. Bunda moliya mablag‘larini tejalishi 2014 yilning birinchi choragiga nisbatan 15,6 mlrd so‘mdan 18,4 mlrd so‘mgacha oshdi. Kichik biznesning korporativ xaridlar bo‘yicha mahsulotlarni yetkazib berishdagi ulushi 97 foizga yetdi.

Majlis yakuniga ko‘ra, ikkinchi chorak uchun vazifalar belgilandi va ular qatorida birjaning barcha savdo platformalarida tuzilayotgan bitimlar hajmini oshirish, savdo ishtirokchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazishni soddalashtirish, mijozlarga konsultatsiya berish xizmatini yanada takomillashtirish, AKTni joriy etishni davom ettirish va shu kabilar ustuvor yo‘nalishlar sifatida e'tirof etildi.

Top