13:14 / 09.05.2015
2013

“Salomatlik poyezdi” Surxondaryoda

“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida Toshkent markaziy vokzalidan yo‘lga chiqqan “Salomatlik poyezdi” Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi Sariosiyo temir yo‘l bekatida tantanali kutib olindi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir davomida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining chekka, ekologik nomaqbul hududlarida istiqomat qilayotgan aholi, jumladan, urush va mehnat faxriylari, kam ta'minlangan oilalar a'zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi.

Xayriya aksiyasining dastlabki kuni Surxondaryo viloyatining Uzun, Sariosiyo tumanlarida keksalar, nogiron bolalar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a'zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bunda poytaxtdan kelgan malakali shifokorlarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining hududlardagi tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari xodimlari yaqindan ko‘maklashmoqda.

– Uzun va Sariosiyo tumanlarida yetti yuzdan ortiq kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kasallik aniqlangan bemorlarga zarur tavsiyalar berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali rahbari Hulkar Egamberdiyeva. – Keng jamoatchilik ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilib, sog‘lom turmush tarzining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Sog‘lig‘i pand berayotgan yigirmaga yaqin keksa avlod vakillarining xonadonlariga borib, kasallik sabablari o‘rganildi. O‘nga yaqin nogironlik aravachasi tarqatildi.

Aktsiya doirasida Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on va Boysun tumanlari aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

– Shifokorlarimizning aholini zamonaviy uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi uchun barcha sharoit mavjud, – deydi “Salomatlik poyezdi” brigadasi rahbari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tibbiy-sanitar salomatlik poyezdi poliklinikasi shifokori O‘tkir Mardonov. – Bu aholini sifatli ko‘rikdan o‘tkazib, aniq tashxis qo‘yishda muhim omil bo‘layotir.

Keksaligi yoki og‘ir betobligi sababli shifokorlar qabuliga kela olmagan bemorlarning uylariga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Navbahor mahallasida istiqomat qilayotgan Omonqul Toshpo‘latov birinchi guruh nogironi. Shifokorlar bemorning uyida uning kasallik tarixini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berdi. Nogironlik aravachasi tuhfa qildi.

– Ko‘rsatilayotgan bunday e'tibor sog‘lig‘imni tiklashga yordam berishiga ishonaman, – deydi O.Toshpo‘latov. – Nogironlik aravachasi mening mustaqil harakatlanishimga ko‘maklashadi. Bunday g‘amxo‘rliklar uchun Yurtboshimizdan minnatdorman.

Tibbiy-ijtimoiy tadbirni tashkil etishga “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “Farmed” qo‘shma korxonasi, “Orto Best”, “Navruz PTK”, “Interglobe” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa tashkilotlar yaqindan ko‘maklashdi. Tadbir davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga qiymati 845 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, o‘quv qurollaridan iborat muruvvat yordamlari ko‘rsatiladi.

“Salomatlik poyezdi” 10 may kuni Darband temir yo‘l bekatidan Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketadi.

Manba: O‘zA, Xolmo‘min Mamatrayimov

Top