13:39 / 09.05.2015
13330

Islom Karimov ayrim xalqlarning g‘alabaga qo‘shgan hissasini kamaytirib ko‘rsatishga intilganlarni tanqid ostiga oldi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov MDH davlatlari rahbarlarining Moskvada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitidagi chiqishida ayrim xalqlarning g‘alabaga qo‘shgan hissasini bo‘rttirib ko‘rsatib, ayrimlarinikini esa, aksincha, kamaytirishga urinuvchilarni tanqid ostiga oldi.
“Ayrim fikrlar bildirildi, bu arifmetika va buxgalteriya emasligi haqida. Menimcha, bunday fikrlar aytish o‘rinsiz, birinchidan, odobdan emas, ikkinchidan esa to‘g‘ri emas. Do‘stimiz Atambayev go‘yoki kimnidir koyigandek gapirdi... Bu ham o‘rinsiz harakat, yaxshilikka olib kelmaydi”, - uning so‘zlarini keltiradi Interfaks agentligi.
“Umumiy xulosaga ko‘ra, kimdir juda tartibli va sipo bo‘lib, g‘alabada ma'lum rol o‘ynagan, boshqalar esa hissa qo‘shmagan. Vaholanki g‘alaba umumiy xatti-harakatlar mevasi bo‘lgan edi”, - qo‘shimcha qildi u.
Islom Karimovning ta'kidlashicha, g‘alaba umumiydir. Har bir mamlakat, har bir xalq, har bir rahbar uni qayerda nishonlashini o‘zi hal qilish huquqiga ega.
Shuningdek, u respublikaning o‘sha paytdagi 6.5 mln aholisidan 1.5 mln kishi frontga yo‘l olganini, ulardan 500 mingi o‘z uylariga qaytib kelmaganini eslatib o‘tdi.

Top