07:23 / 09.05.2015
10639

Islom Karimov: jasorat, qahramonlik va qat'iyatni har doim yodimizda tutamiz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov 8 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlarining Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabining 70 yilligiga bag‘ishlangan norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. “O‘zbekiston” axborot agentligining xabar berishicha, u o‘z chiqishida O‘zbekiston rahbari hayotlarini o‘rtaga tikib Yer yuzidagi ozodlikni himoya qilgan insonlarning jasorati, qahramonligi va qat'iyati hech qachon unutilmasligini ta'kidlab o‘tdi.
Islom Karimovning qayd qilib o‘tishicha, O‘zbekiston fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘z munosib hissasini qo‘shgan. Jumladan, respublikaning o‘sha paytdagi 6.5 mln aholisidan 1.5 mln kishi frontga yo‘l olgan, ulardan 500 mingi o‘z uylariga qaytib kelmagan. Ularning xotirasini abadiy saqlash maqsadida barcha ism-shariflar O‘zbekistonda o‘rnatilgan Xotira kitobiga zarhal harflar bilan yozilgandir.
Bundan tashqari, o‘zbek xalqi urush yillarida millatchilar tomonidan zabt etilgan hududlardan ko‘chirilgan 1 mln dan ortiq odamga, shu jumladan, 200 mingcha yetim bolalarga boshpana berdi.
Ma'lumki, 2015 yil O‘zbekistonda “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilingan. Buning yuzasidan davlat Dasturi qabul qilinib, unda keksa insonlar, birinchi navbatda urush va mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida konkret chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi respublikada g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan keng miqyosdagi tadbirlar bo‘lib o‘tayotganini ma'lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni Kremlda MDHga a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlandi. Unda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston rahbarlari ishtirok etdi.

Top