08:52 / 13.05.2015
1659

AQShda poyezd izidan chiqib ketishi oqibatida 50 kishi jarohat oldi

13 may kuni AQShda poyezd izidan chiqib ketishi oqibatida 50 kishi jarohat oldi. Voqea Filadelfiya yaqinida ro‘y bergan. Bu haqda NBC telekanali xabar bermoqda.  

Guvohlarning aytishicha, poyezdning 10ta vagonidan 8tasi temiryo‘l izidan chiqib ketgan. Poyezd Vashingtondan Nyu-Yorkka ketayotgan bo‘lgan. OAVlarning ma'lumotlariga ko‘ra, poyezd Amtrak kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.   

Rasmiy vakillar poyezdda 240 nafarga yaqin yo‘lovchi bo‘lganini aytishmoqda. 

Voqea joyida qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar va politsiya xodimlari ish olib bormoqda.

Yo‘lovchilarning aytishicha, poyezd falokatga uchrashi oldidan birinchi vagonlarda kuchli titrash sezilgan. Poyezdda “Assoshieyted Press” axborot agentligining muxbiri ketayotgan bo‘lgan. Muxbirning xabar berishicha, falokat bosh vagonlar burilayotgan paytda ro‘y bergan.  

O‘tgan yakshanbada Yangi Orleandan kelayotgan Amtrak’ning yana bir poyezdi falokatga uchragan edi. Poyezd yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan, poyezdda ketayotgan ikki nafar yo‘lovchi jarohat olgandi.

Top