00:02 / 04.08.2015
6610

Newsweek nashri Rossiyaga qarshi neft embargosini kiritishni taklif qilmoqda

Rossiyaga qarshi sanksiyalar kutilgandek natijalar bermayotgani sababli G‘arb Rossiya energiya resurslarining Yevropa Ittifoqiga eksportini cheklab qo‘yishi kerak, degan g‘oyani bildirmoqda Newsweek nashri.

Nashrning fikricha, “Rossiya nefti eksportiga taqiqlov mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba beradi. G‘arb Rossiyaga Qrim va Ukraina sababli kiritgan sanksiyalari kutilgandek natija bermayapti va mos ravishda ularni kuchaytirish kerak. Bunda neft embargosi kutilgan natijani beradi”, deb yozmoqda Newsweek nashri.

Nashrdagi maqolada keltirilishicha, Yevropa Ittifoqiga Rossiya energiya resurslari eksportini cheklab qo‘yish Rossiya byudjyetiga jiddiy zarba bo‘ladi, chunki bu byudjyetning 40 foizi neft eksportidan olinadigan daromadlar hisobiga shakllanadi.

Newsweek’ning ta'kidlashicha, Rossiya SWIFT bank to‘lovlari xalqaro tizimidan o‘chirilib qo‘yiladigan bo‘lsa. bu muammoni hal qilish uchun zaxira variantlarga ega. Biroq neft embargosi murakkab masala bo‘lib, Rossiya uni yengillik bilan chetlab o‘tolmaydi, chunki bu bilan bog‘liq logistik va infratuzilmaviy muammolarni hal qilish uchun ancha vaqt talab etiladi.
Nashr shu bilan birga Rossiya neftining asosiy iste'molchisi hisoblangan Yevropa Ittifoqini u neftni boshqa davlatlardan tankerlar bilan olishi mumkinligi bilan “yupatmoqda”.

Maqola muallifining fikricha, neft embargosidan jabrlanadigan YeI korxonalarining ziyonlarini qoplash mumkin. Asosiy vazifa Rossiyaga saboq berib qo‘yishdan iborat, deyilmoqda maqolada.

Biroq maqola muallifi o‘z maqolasida Eronga kiritilgan neft embargosi bu davlatning na siyosiy pozitsiyasini, na iqtisodiyot holatini o‘zgartira olmagani haqida lom-mim demagan.

Top