15:07 / 05.08.2015
6158

Toshkentda "Lasetti" orqali yashirincha olib ketilayotgan 726 dona uyali telefon bojxonachilar tomonidan fosh qilindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi sifati kafolatlanmagan uyali telefonlarning noqonuniy aylanishi fosh qilindi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining axborot xizmati xabar qildi.

Bojxona xodimlari Toshkent ko‘chalaridan birida harakatlanayotgan fuqaro O.Jasurov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli yengil avtoulovini to‘xtatib, ko‘zdan kechirganda, unda horijda ishlab chiqarilgan 726 dona uyali telefonlar hamda 386 dona uyali aloqa vositasi aksessuarlari yashirincha olib ketilayotganligi aniqlandi. Surishtiruvlar davomida qoidabuzar shaxs qiymati 118 mln. so‘mlik mazkur tovar-moddiy boyliklarning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi va mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtamt” bojxona postida Toshkentda istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro nomiga AQShdan yo‘llangan pochta jo‘natmalari o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, jo‘natmadagi buyumlar orasida tegishli deklaratsiyalarda qayd qilinmagan salkam 36 million so‘mlik 39 dona “LG”, “iPhone 6” va “iPhone 6+” uyali aloqa vositalari yashirilganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan sudning tegishli qarorlari bilan jazo choralari qo‘llanildi va daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan tovarlar davlat egaligiga o‘tkazildi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining axborot xizmati bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan fuqarolar 120-76-76 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatadi.

Top