16:37 / 07.08.2015
2288

Mali markazidagi mehmonxonaga noma'lum shaxslar hujum uyushtirdi

Mali markazidagi Mopti viloyatida joylashgan Sevare shahridagi mehmonxonaga noma'lum shaxslar hujum uyushtirishi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda malilik harbiylarga asoslangan holda Frans Press nashri xabar bergan.

Agentlik xabarida aytilishicha hujum hali bartaraf etilmagan.

5 avgust kuni Mali poytaxti Bamako shahridagi ham mehmonxonalardan biriga qurolli hujum uyushtirilgandi.

Ayni vaqtda Malining shimoliy qismi ayirmachilar tomonidan egallab olingan. Mali hududida BMTning tinchlikparvar kuchlari ham joylashtirilgan. Malida tashkilotning 11 ming nafar harbiysi xizmat qilmoqda. Bundan tashqari mamlakatda Fransiyaning 4 ming nafar askari ham joylashtirilgan.

Malida siyosiy inqiroz 2011 yilda Liviyada Muammar Kaddafi tuzumi ag‘darilishidan keyin boshlangandi. O‘shanda Liviya hududidan Mali shimoliga tuareglar qabilasi ko‘chib kelib, mamlakatning bir qismini o‘z nazoratiga olgan hamda Azavad nomli davlat tuzgandi. Keyinchalik bu hududda terroristik guruhlar ham paydo bo‘ldi.

Top